Namangan 65-yubiley gullar festivaliga taklif etadi
May 18, 2026. 09:00 • 4 daq
• 131NAMANGAN, 18-may. /“Dunyo” AA/. Namangandagi 65-yubiley gullar festivalining ochilish marosimi 24 may kuni Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Namangan – uzoq yillik boy tarixga ega O‘zbekiston hududi. Bu yerda ikki ming yildan ortiq vaqt davomida uzluksiz aholi yashab kelmoqda. Namangan viloyati 1941-yilda maʼmuriy birlik sifatida tashkil etilgan. Hozirgi kunda uning aholisi taxminan uch million nafardan ortiq. Viloyat maydoni 7 ming 900 km² bo‘lib, maʼmuriy markazi Namangan shahri. Shahar dengiz sathidan taxminan 450 metr balandlikda joylashgan.
O‘zbekistonda aholi eng zich joylashgan hududlardan biri Namangan hisoblanadi. Shu bois, bu yerda ijtimoiy hayot juda faol, iqtisodiy va madaniy-maʼrifiy jarayonlar jadal kechadi. Ayniqsa, har yili anʼanaviy ravishda o‘tkaziladigan Xalqaro gullar festivali juda mashhur.
Xalqaro gullar festivali ilk bor 1961 yil avgust oyida Namangan shahrida o‘tkazilgan. U paytda bu oddiy gul ko‘rgazmasi bo‘lib, mahalliy bog‘bonlar va gul yetishtiruvchilar o‘z mahsulotlarini namoyish etgan. Festival 2018 yilda xalqaro maqomga ega bo‘lgandan so‘ng gullar bayramiga turli davlatlardan mehmonlar va ishtirokchilar kela boshladi. Bugungi kunda festival O‘zbekistonning eng yirik va mashhur xalqaro madaniy bayramlaridan biriga aylangan.
Yildan yilga yuksalib borayotgan Xalqaro gullar festivali bu gal yubiley, 65-marotaba tashkil etiladi. O‘tgan yillar davomida ushbu nufuzli tadbir nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida ham o‘ziga xos brend darajasiga ko‘tarildi.
Festival boshlanishini nafaqat O‘zbekiston aholisi, balki qo‘shni davlatlar fuqarolari, xorijiy ekspert va mutaxassislar ham katta qiziqish bilan kutmoqda. Ayni paytda ushbu yirik xalqaro tadbirga qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Maʼlumotlarga ko‘ra, bu galgi yubiley festivalida 50 dan ortiq mamlakatdan qariyb 1 million nafar xorijiy sayyoh hamda 7 milliondan ziyod mahalliy mehmon ishtirok etishi kutilmoqda. Qariyb 50 kun davom etadigan gullar bayrami doirasida 150 dan ortiq madaniy-maʼrifiy va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etiladi.
Eʼtiborli jihati, bu yilgi festival Ginnesning rekordlar kitobi (Guinness World Records)ga kiritilishi mumkin. Hozirda bir oy davomida eng ko‘p gul ekish orqali rekord o‘rnatish jarayoni amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonlarning shaffofligini taʼminlash maqsadida tashkilotning Dubaydagi vakili Kanzi Defravi tomonidan xalqaro talablar asosida kuzatuv ishlari olib borilmoqda.
Xalqaro gullar festivali 24 maydan 12 iyulga qadar davom etadi. Ushbu festival nafaqat gullar ko‘rgazmasi, balki madaniy, sport, ilmiy va ko‘ngilochar tadbirlarga boyligi bilan ajralib turadi. Jumladan, gala-konsertlar, dron-shou, avtoparad, ochiq osmon ostida simfonik konsert, modalar haftaligi, ko‘rgazmalar, shuningdek, turizm, investitsiya va ishbilarmonlikka bag‘ishlangan xalqaro forumlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Hozirda festival munosabati bilan shahar va tumanlar markaziy ko‘chalariga qariyb 5 million tup mavsumiy gul ekilib, hududlar rang-barang gullar bilan bezatilmoqda. Bu ishlar shaharga yana-da ko‘rk bag‘ishlab, festival mehmonlarida unutilmas taassurot qoldirishi kutilmoqda.
Festival 24 may kuni Namangan shahri markazidagi Bobur bog‘ida tantanali ochilish marosimi bilan boshlanadi. Shu kuni shahar ko‘chalari bo‘ylab gullar bilan bezatilgan avtomobillar paradi o‘tkaziladi. Kechki payt esa “Yangi O‘zbekiston” bog‘i amfiteatrida o‘zbek va xorijiy sanʼatkorlar ishtirokida konsert dasturi taqdim etiladi.
Gullar bayrami davomida har kuni turli madaniy dasturlar tashkil etiladi. Xususan, musiqali drama teatri spektakllari, bolalar uchun qo‘g‘irchoq teatri chiqishlari, hunarmandchilik yarmarkalari va mahorat darslari o‘tkaziladi. Shuningdek, bog‘larda konsert va ko‘ngilochar dasturlar muntazam namoyish etib boriladi.
May oyining oxiri va iyun oyi boshlarida qator yirik tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ular qatorida simfonik orkestr konserti, retro qo‘shiqlar kechasi, “Fashion Days” namoyishlari, lavanda festivali hamda mashhur xonanda Yulduz Usmonovaning konserti bor. 1 iyun kuni esa zamonaviy dron shou tomoshabinlarga unutilmas taassurot bag‘ishlaydi.
Sport muxlislari uchun ham qiziqarli musobaqalar tashkil etiladi. Belbog‘li kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati, motokross musobaqalari, xalqaro kurash turniri va etnosport o‘yinlari shular jumlasidandir.
Festival doirasida ilmiy va amaliy anjumanlar ham o‘tkaziladi. Bioxilma-xillikni saqlash, sunʼiy intellekt istiqbollari, turizm va iqtisodiyotga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar tashkil etiladi. Bu esa festivalning nafaqat madaniy, balki ilmiy ahamiyati ham yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, palov festivali, gastronomik bayramlar, yoshlar uchun ekologik aksiyalar va turli tanlovlar ham o‘rin olgan. Bolalar va yoshlar uchun maxsus dasturlar, intellektual o‘yinlar hamda konsertlar tashkil etiladi.
Festival 12-iyul kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi tantanali taqdirlash marosimi bilan yakunlanadi.
Qisqacha aytganda, Namanganda o‘tkazilayotgan Xalqaro gullar festivali – bu nafaqat go‘zal gullar bayrami, balki madaniyat, sanʼat, sport va ilm-fan uyg‘unlashgan yirik xalqaro tadbirga aylanishi ko‘zda tutilgan. Festivaldagi har bir dastur va tomoshalar yurtimiz ahli va mehmonlarga yorqin taassurotlar va unutilmas lahzalar taqdim etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston – Qirg‘iziston yosh parlamentariylari forumi yangi hamkorlik maydoniga aylandi












