08/Avgust/2022 Markaziy Osiyo
TOSHKENT, 8-avgust. /“Dunyo” AA/ O‘zbekiston Respublikasi huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatov «Markaziy Osiyo davlatlarida millatlararo totuvlikni taʼminlash» mavzusidagi xalqaro konferensiyada Markaziy Osiyo davlatlari mintaqada millatlararo totuvlikni taʼminlash tarafdori ekanini taʼkidladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xalqaro konferensiya Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi. “Do‘stlik” festivali doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda ekspertlar, Markaziy Osiyo mamlakatlarining davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti vakili Markaziy Osiyo mintaqasida millatlararo totuvlikni taʼminlashda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni mavzusida so‘zlar ekan, Markaziy Osiyo asrlar davomida sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lib kelgani, bu yerda hozir ham turli millat va elatlar vakillari birgalikda tinch-totuv yashab kelayotganini alohida taʼkidladi. Mintaqamizning ko‘pmillatliligi uning taraqqiyoti va yuksalishida, tashqi dunyo bilan muloqot va hamkorlik qilish, madaniyatlarni o‘zaro boyitish uchun shart-sharoit yaratishda hamisha asosiy omil bo‘lib kelgan.
Akramjon Neʼmatov umumiy madaniy-tarixiy jarayon Markaziy Osiyoda o‘ziga xos sivilizatsiya hamjamiyatini shakllantirgani, mintaqa xalqlarining bag‘rikengligi, boshqa millat vakillariga hurmat va do‘stona munosabatda bo‘lish ushbu hamjamiyatning asosiy xususiyatlari ekanligini taʼkidladi.
Mutaxassisning fikricha, bugungi kunda dunyoda ishonchsizlik va o‘zaro nizolar hukm surayotgan bir paytda, umumiy madaniy-tarixiy meros mintaqamizda yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikni, tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Binobarin, uni avaylab asrash hamda kelajak avlodlarga yetkazish barchamizning umumiy burchimiz hisoblanadi. Shu o‘rinda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti vakili Markaziy Osiyoda 100 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilayotgani, bu madaniyatlararo muloqot va davlatlararo hamkorlik uchun ulkan salohiyat ekanligini qayd etdi.
Yuqoridagilar bilan birga, so‘nggi paytlarda mintaqa davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli Markaziy Osiyo xalqlarini yana-da yaqinlashtirish va Markaziy Osiyoda millatlararo totuvlikni barqarorlashtirish va yana-da mustahkamlash tamoyili kuzatilgani ham qayd etildi.
Mutaxassisning qayd etishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida turli qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlar va uchrashuvlarning tez-tez o‘tkazib turilishi yaxshi anʼanaga aylangan. Bular madaniyat, adabiyot va sanʼat, kino, ijodkor ziyolilar kunlari, «Do‘stlik kechalari», turli forum va festivallarni o‘z ichiga oladi. Bunday tadbirlar xalqlarning o‘zaro yaqinlashishiga, mintaqada konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqani o‘zaro ishonch, tinchlik va konfessiyalararo totuvlik makoniga aylantirishga intilayotgani yaqinda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvi yakunida imzolangan «XXI asrda Markaziy Osiyo davlatlarining do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risida»gi shartnoma bandlarining amaldagi ifodasi hisoblanadi.
Markaziy Osiyo davlatlari xalqlarining tub manfaatlariga javob beradigan mazkur shartnoma mintaqada mustahkam tinchlikni saqlashga, uning barqaror va izchil rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.