08/Fevral/2023 Jamiyat
VARSHAVA, 8-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Polshadagi elchixonasi tomonidan Krakov shahrida yashayotgan va taʼlim olayotgan vatandoshlar ishtirokida Navoiy va Bobur tavallud sanalariga bag‘ishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Buyuk bobokalonlarimizning bebaho ilmiy-ijodiy merosi, jahon adabiyoti tarixi, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojidagi alohida o‘rni haqida so‘zlab berildi.
Navoiy va Bobur asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalar targ‘ib etilgani, o‘zbek tilining beqiyos so‘z boyligi imkoniyatlari o‘z ifodasini topgani qayd etildi.
Tadbir davomida Krakovda xususiy tidbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan yurtdoshimiz Hayotbek Tillayev Alisher Navoiy hayoti, ijodi va uning asarlarida ilgari surilgan chin insoniy g‘oyalar haqida to‘xtaldi.
Bundan tashqari anjumanda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Ishtirokchilar eʼtiboriga Bobur haqidagi videolavha taqdim etildi. Unda buyuk bobokalonimizning bosib o‘tgan hayot yo‘liga alohida urg‘u berildi. Shuningdek, Bobur sheʼrlari, g‘azallari va ruboiylarida keng o‘rin olgan vatanparlik g‘oyalari urg‘ulandi. Mirzo Boburning “Boburnoma”, «Qobul devoni» kabi mashhur asarlari dunyo adabiyoti durdonalaridan hisoblanishi taʼkidlandi.
Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda Navoiy va Bobur g‘azallaridan namunalar o‘qildi.