Uz / Ўз Ru En

Toshkent

09/Avgust/2021   Markaziy Osiyo

Anvar Nosirov: Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy sheriklikni mustahkamlashning dastlabki bosqichida turibdi


 TOSHKENT, 9 avgust. /“Dunyo” AA/. Bugun Markaziy Osiyo xalqaro institutida mintaqa davlat rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi (6 avgust, Turkmaniston) natijalari tahliliga bag‘ishlangan «Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning holati va istiqbollari» mavzusida onlayn-konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir ishtirokchilari Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilarining uchinchi Maslahat uchrashuvi 2017 yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mintaqaviy yaqinlashuv kursining mantiqiy davomi bo‘lganini taʼkidladi. 2018 yilda Nur-Sulton va 2019 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar qo‘shnilar o‘rtasidagi muloqotni yana-da rivojlantirishga mustahkam zamin yaratdi.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlar bilan savdo aylanmasining o‘sib borayotgani alohida taʼkidlab o‘tildi va bu ko‘rsatkich 2016-2020 yillar mobaynida deyarli ikki barobar – 2,4 milliard dollardan 5 milliard dollargacha ko‘tarildi. Ro‘yxatga olingan qo‘shma korxonalar soni 5 barobardan ziyodga, yaʼni 312 tadan 1 ming 600 tagacha oshdi. Investitsion hamkorlik kuchaydi, qo‘shma investitsion kompaniyalar tashkil etildi.

Anjumanda mintaqamizdagi ijobiy o‘zgarishlarga xalqaro hamjamiyat tomonidan ko‘rsatilayotgan ko‘mak ham taʼkidlandi. Jumladan, BMT Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyo bo‘yicha «Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash», «Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish» va "Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi» maxsus rezolyutsiyalarni qabul qildi.

Onlayn-tadbirda taʼkidlanganidek, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishning jadallashuvi ham muhim ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yilda O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlar forumini o‘tkazish, «bir tur-butun mintaqa» qo‘shma turistik dasturini amalga oshirish, pandemiyaga qarshi kurash doirasida test natijalari va emlash sertifikatlarini tan olish bo‘yicha yagona axborot tizimini ishga tushirish, yuqumli kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha tajriba almashishni kengaytirish, tibbiyot xodimlarini o‘qitish, dori-darmon ishlab chiqarishda farmakologiya va hamkorlik sohasida ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

Ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, Maslahat uchrashuvi natijalari davlatlarning mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash borasidagi hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish va kengaytirish borasidagi qatʼiy majburiyatini namoyish etdi. Bu davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotida o‘z aksini topdi. Shuningdek, iqtisodiy munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilganligini ifoda etadi.

Sammit doirasida Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida yuqori darajadagi uchrashuv bilan birga qator tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, iqtisodiy forum, milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi, yetakchi ayollar muloqoti, milliy taomlar namoyishi va mintaqa mamlakatlari sanʼat ustalarining  chiqishlari shular jumlasidandir.

Onlayn konferensiya maʼruza bilan ishtirok etgan MOXI direktori Anvar Nosirov yaqqol yutuqlar fonida o‘zaro hamkorlik uchun mavjud juda katta salohiyat hali to‘la ishga solinmaganini taʼkidladi. «Mamlakatlar mintaqaviy sheriklikni mustahkamlashning dastlabki bosqichida turibdi»,- dedi u.

Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlarining ekspert-tahlil va ilmiy-akademik hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.

Mavzuga oid

Samarqandda Qozog‘iston Bosh konsulxonas...

Bugun Samarqand shahrida Qozog‘iston Bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib...

Olmaotada Qo‘shma demarkatsiya komissiya...

Bugun Olmaotada O‘zbekiston-Qozog‘iston hukumat delegatsiyalarining Qo‘shma O‘zbekiston-Qo...

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston ...

Farg‘ona shahrida Farg‘ona (O‘zbekiston), Batken (Qirg‘iziston) va So‘g‘d (Tojikiston) vil...

So`nggi yangiliklar