07/Fevral/2023 Ta'lim
NYU-YORK, 7-fevral. /“Dunyo” AA/. Nyu-York shahrida BMT Sivilizatsiyalar alyansi tomonidan Xalqaro birodarlik kuni munosabati bilan videokonferensiya tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Tashkilot bosh kotibi Antonia Guterrish, uning o‘rinbosari – BMTning Sivilizatsiyalar alyansi bo‘yicha oliy vakili Migel Moratinos, qator aʼzo davlatlarning doimiy vakillari, din va jamoat arboblari qatnashdi.
Anjuman ishtirokchilari bugungi kunda ro‘y berayotgan global jarayonlarda insonlar birodarligi, o‘zaro hurmat, madaniyatlar xilma-xilligi va umumbashariy qadriyatlarni ilgari surish, madaniyatlararo va dinlararo muloqotni rivojlantirish masalalarining dolzarbligi yana-da oshib borayotganiga urg‘u berdi.
O‘zbekiston vakili o‘z chiqishida tadbir ishtirokchilarini mamlakatimizning diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, turli konfessiyalarning tinch-totuv yashashi borasidagi boy tajribasi bilan tanishtirdi.
Jumladan, O‘zbekistonda yashayotgan barcha xalqlarning diniy erkinligini taʼminlash, madaniyati, anʼana va urf-odatlarini avaylab-asrash va rivojlantirish borasida mustahkam meʼyoriy-huquqiy asos yaratilgani maʼlum qilindi.
Mamlakatimizning BMT maydonida diniy bag‘rikenglik masalalarini targ‘ib etishga qo‘shgan ulkan hissasi taʼkidlandi. 2018 yil dekabr oyida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan ilgari surilgan «Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasining bir ovozdan qabul qilinganligi alohida qayd etildi.
Shuningdek, BMT va aʼzo davlatlar vakillariga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan SHHT davlatlari rahbarlarining 2022 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan sammitida ilgari surilgan 2023 yilda xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamligi forumini o‘tkazish tashabbusining mazmun-mohiyati haqida so‘zlab berildi.
O‘zbekistonning BMT, tashkilotga aʼzo davlatlar va boshqa manfaatdor tomonlar bilan dinlararo totuvlik hamda bag‘rikenglikni muhofaza qilish va targ‘ib qilishda yaqin hamkorlikka sodiqligi taʼkidlandi.
Maʼlumot uchun: 2019 yil 4 fevral kuni BAAning Abu-Dabi shahrida islom olamidagi nufuzli Al-Azhar universiteti imom-xatibi, shayx Ahmad at-Toyib va Rim Papasi Fransisk o‘rtasida «Dunyo tinchligi va insonlarning birodarligi to‘g‘risida»gi hujjat imzolangan. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2020 yil 21 dekabrda qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq, 4 fevral Xalqaro birodarlik kuni, deb belgilangan.