31/May/2023 Vatandoshlarimiz
YEKATERINBURG, 31-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulligi xodimining Chelyabinsk viloyatiga xizmat safari doirasida viloyatning Ust-Katav shahrida joylashgan «Agropark Ural» qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan shirkatda vaqtincha ishlayotgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashuvi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv avvalida ishtirokchilar joriy yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan umumxalq referendumi natijalari, Bosh qomusimizga kiritilgan yangi normalar mazmun-mohiyati hamda mamlakatimizda xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali natijalari bilan tanishdilar.
Davlatimiz rahbariyati tomonidan xorijiy mamlakatlarda ishlayotgan migrantlarning haq-huquqlari himoyasini taʼminlash bo‘yicha qabul qilinayotgan farmon va qarorlar alohida aytib o‘tildi.
Bundan tashqari, fuqarolarimizga turli noqonuniy harakatlarga qo‘shilmaslik, millatimizga yot g‘oyalar ortidan ergashmaslik yuzasidan tavsiyalar berildi
Yurtdoshlarimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan muhim o‘zgarishlarni va davlat tomonidan migrantlarga g‘amxo‘rlikni shaxsan his qilayotganlarini taʼkidlash barobarida, bo‘lajak Prezident saylovlarida faol ishtirok etishlarini tasdiqlashdi.
Tadbir yakunida vatandoshlar konsullik-huquqiy masalalarda, jumladan fuqarolik pasportini rasmiylashtirish, O‘zbekistonda olingan hujjatlarni Rossiya hududida ishlatish, farzandlarini taʼlim maskanlariga joylashtirish tartiblariga oid savollariga diplomatdan atroflicha javob oldilar.