Uz / Ўз Ru En

Toshkent

28/Fevral/2020   Dolzarb

COVID-19 virusi tarqalgan mamlakatlar soni 50dan ortdi

PEKIN, 28 fevral. /“Dunyo” AA/. Xitoy Sog‘liqni saqlash bo‘yicha davlat qo‘mitasi ma’lumotida qayd etilishicha, Xitoyda joriy yilning 28 fevraliga qadar 78 ming 824 kishi ushbu virusni yuqtirgan. Qurbonlar soni 2 ming 788 kishini tashkil etdi. Birgina 27 fevralning o‘zida yana 452 kishi xastalikka chalingan. Hozirgi kunda mamlakat bo‘ylab 40 ming kishi COVID-19 kasalligini yuqtirgan. Shifoxonalarda og‘ir ahvolda yotgan bemorlarning soni esa salkam 8 ming kishini tashkil qilmoqda.


Vaziyatning tashvishlanarli jihati shundaki, so‘nggi kunlarda kasallikni yuqtirish holatlari qayd etilgan mamlakatlar soni tobora ortib bormoqda. Joriy yil 26 fevral holatiga ko‘ra, koronavirus bilan og‘rigan insonlar 41 mamlakatda ro‘yxatga olingan edi. Bugungi kunga kelib ular qatoriga Shimoliy Makedoniya, Gruziya, Braziliya, Ruminiya, Xorvatiya va boshqa mamlakat qo‘shilib, COVID-19 kirib borgan davlatlar soni 50 dan ortdi.

28 fevral kuni dunyo ommaviy axborot vositalarida Belarus, Yangi Zelandiya, Nigeriya va Litvada ham ilk bor ushbu kasallikni yuqtirgan bemorlar aniqlangani ma’lum qilindi.

Bu dardga chalinganlar soni bo‘yicha Xitoydan keyin Janubiy Koreya, koronavirusdan vafot etganlar eng ko‘p qayd etilganlar mamlakatlar qatorida esa Xitoydan so‘ng Eron qayd etiladi. Janubiy Koreyada 27 fevral kuni kasallikni yuqtirganlar soni 256 nafarni tashkil qilib, umumiy bemorlar 2 ming 22 kishiga yetdi. Eronda esa tahlikali holat yuzaga kelgan. Italiya, shuningdek, kuni kecha bemorlar soni salkam ikki barobarga ko‘paygan Fransiya kabi G‘arb davlatlaridagi epidemiologik vaziyat dunyo jamoatchiligining jiddiy xavotiriga sabab bo‘lmoqda.

Kasallik xavfi ortib borishi tufayli mamlakatlar COVID-19 zotiljami kirib kelishining oldini olish maqsadida ehtiyot choralarini ko‘rmoqda. Xalqaro yo‘nalishdagi aviaqatnovlar vaqtincha cheklanyapti yoki butunlay to‘xtatilmoqda, ta’lim muassasalari, chegaralar yopilib, sayohat chiptalari bekor qilinmoqda. Ziyorat, o‘zaro tashrif, xalqaro va mahalliy ahamiyatga molik turli tadbirlar noma’lum muddatlarga qoldirilmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus Jenevadagi brifingda dunyo mamlakatlari yuqumli kasallikning yanada keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun uning oldini olish va epidemiya nazorati bo‘yicha sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirishi lozimligi to‘g‘risida bayonot berdi.

Brifing chog‘ida 25-fevral kuni dunyo miqyosida ushbu kasallikka chalinganlar soni ilk bor Xitoydagi ko‘rsatkichdan yuqori bo‘ldi. Rasmiy ma’lumotlarda keltirilishicha, dunyo bu ko‘rsatkich 459, Xitoyda esa 412 kishini tashkil etgan.

 

Shuhrat Umirov,
“Dunyo AA muxbiri,
Pekin

Mavzuga oid

Latviya axborot agentligi O‘zbekistonnin...

Bugun Latviyaning yetakchi ommaviy axborot vositalaridan biri - «LETA» axborot agentligi i...

Ozarbayjondan munosabat: Global muammola...

«Janubiy Kavkaz» siyosatshunoslar klubi rahbari Ilgar Velizade Markaziy Osiyo davlatlari r...

Yaponiyalik mutaxassislar: Prezident Sha...

Davlatimiz rahbari tomonidan xalqaro minbarlardan ilgari surilgan tashabbuslar xorijiy dav...

So`nggi yangiliklar