27/Iyun/2022 Konstitutsiyaviy islohotlar
TEHRON, 27-iyun. /“Dunyo” AA/. Eronda istiqomat qiladigan vatandoshimiz Sharqiya Ismatullayeva O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish jarayoni yuzasidan o‘zining quyidagi fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Men ko‘p yillardan buyon Tehron shahrida istiqomat qilib kelaman va mamlakatimiz hayotida yuz berayotgan muhim jarayonlardan hamisha xabardorman.
Shuni taʼkidlash joizki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini umumxalq muhokamasiga qo‘yilishi menda Vatanimiz taqdiriga va kelajagiga dahldorlik tuyg‘usini kuchaytirdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvida Asosiy qonunimizda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oyani ilgari surilishi, xususan, fuqarolarning mamlakatda yoki uning tashqarisida bo‘lishidan qatʼi nazar, davlat tomonidan himoyalanishi to‘g‘risidagi qoidalarning Konstitutsiyada mustahkamlash bo‘yicha takliflari xorijda istiqomat qilayotgan biz kabi vatandoshlar uchun juda quvonarli bo‘ldi.
Prezidentimiz tomonidan xalq dardini eshitib, muammolari yechimini topish uchun ilgari surilayotgan dolzarb taklif va tashabbuslar uning xalqchil rahbar va siyosatchi ekanini yana bir bor namoyish etmoqda.
Bosh qomusimizga kiritish taklif etilayotgan barcha o‘zgartirish va qo‘shimchalar Vatanimiz taraqqiyotidagi inson qadrini ulug‘lash g‘oyasiga xizmat qilishi, xalqimiz turmush farovonligini oshirishi, mamlakatimizni har tomonlama barqaror rivojlanishiga asos bo‘ladi, deb ishonamiz.