Uz / Ўз Ru En

Toshkent

10/Avgust/2020   O‘sish nuqtasi

Fransiya kompaniyasi Toshkentda suv va oqova tizimini modernizatsiya qilishda ishtirok etadi


PARIJ, 10 avgust. /“Dunyo” AA/. 1858 yilda tashkil etilgan SUEZ kompaniyalar guruhi shahar suv ta’minoti tizimlarini boshqarishda dunyoda yetakchi hisoblanadi.

Hozirgi kunda kompaniya dunyoning 5 ta qit’asida, 110 davlatida faoliyat yuritadi. Kompaniyaning 2019 yilgi umumiy daromadi 18 milliard yevroni tashkil qildi. Fransiya kompaniyasi suvni boshqarish, chiqindilarni qayta ishlash va qayta tiklanadigan energiya manbalari uchun noyob innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqmoqda. Aqlli shaharlar orqali munitsipalitetlar va tarmoqlarning resurslarini boshqarishni optimallashtirish, ularning ekologik hamda iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash kompaniyaning asosiy faoliyat turlaridan.

«Dunyo» AA muxbiri «SUEZ» kompaniyasining xalqaro rivojlantirish bo‘yicha direktori Erik Gibali bilan O‘zbekistondagi hamkorlik haqida suhbatlashdi, ishbilarmonlik aloqalari shartlari va istiqbollari bilan qiziqdi.

– O‘zbekistonda ulkan iqtisodiy o‘zgarishlar yuz bermoqda. Shubhasiz, buni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi "iqtisodiy inqilob" deb atash mumkin. U shaxsan keng islohotlar dasturini amalga oshirish orqali taraqqiyot va fuqarolar hayotini yaxshilashga turtki bergan.

Ta’kidlashni istardimki, O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar jadal kechmoqda. Shubhasiz aytishim mumkinki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning mintaqaviy markaziga aylanmoqda.

Mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Ko‘plab xorijiy kompaniyalar allaqachon O‘zbekiston ulkan imkoniyatlarga ega ekanini anglab yetishdi. Shuning uchun ularning barchasi " mustahkam joy egallash", mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish va modernizatsiya qilishda qatnashish uchun Toshkentga shoshilishmoqda.

O‘zbekiston bilan yaqin aloqalarimiz Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil oktyabr oyida Fransiyaga tashrifidan so‘ng boshlandi. Hamkorligimiz uchun katta iqtisodiy istiqbollarni ko‘rib turibmiz va O‘zbekistonni xalqaro miqyosdagi faoliyatimizni kengaytirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb bilamiz. SUEZning eng tajribali va malakali mutaxassislari respublikaga yuboriladi va umid qilamanki, biz sezilarli yutuqlarga erishamiz.

O‘zbekistonni, xususan, jadal rivojlanayotgan poytaxt Toshkentni va afsonaviy Samarqandni Markaziy Osiyo mintaqasida biznesimizni rivojlantirishning boshlang‘ich nuqtasiga aylantirmoqchimiz.

Yaqinda Toshkent hokimiyati va Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan SUEZ kompaniyasi o‘rtasida shaharning suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish va yaxshilash uchun 142 million yevro miqdorida shartnoma imzolandi.

Ushbu ulkan loyiha shahar suv ta’minoti va oqova tarmoqlarini modernizatsiya qilishni, shuningdek, ushbu tarmoqlarni boshqarish va "Toshkent shahar suv ta’minoti" mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan birgalikda xalqaro standartlarga muvofiq ravishda optimallashtirishni ko‘zda tutadi.

Shartnoma suvni boshqarish bo‘yicha aqlli yechimlarni amalga oshirishni, shuningdek, xodimlarni o‘qitishni o‘z ichiga oladi. Ushbu sheriklik birgalikda boshqarishning innovatsion yondashuviga va asosiy faoliyat ko‘rsatkichlarining samarali monitoringiga asoslangan.

Ichimlik suviga o‘sib borayotgan ehtiyojni qondirish va uni Toshkent aholisiga uzluksiz yetkazib berish uchun strategik harakatlar rejasini ishlab chiqamiz. Toshkent shahridagi suv ta’minotini o‘zgartirish rejasi suv oqishini aniqlash va ta’mirlashning ilg‘or texnikasini qo‘llash, suv tarmog‘ini real vaqt rejimida monitoring qilish orqali suv yo‘qotilishini kamaytirishga yordam beradi.

Ishonchim komilki, O‘zbekistonda suv xo‘jaligini modernizatsiya qilish bo‘yicha ushbu sinov loyiha kelajakda Markaziy Osiyoning marvaridiga aylanadi.

Mavzuga oid

Samarqand viloyatining 17 ta kichik sano...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 avgustdagi farmoniga asosan Eksport va...

Yaponiyaning "Global Silk Road Inc." kom...

​“Dunyo” AA videointervyusi shu mavzuga bag‘ishlangan.

Yangi innovatsion loyihalar va istiqboll...

“Dunyo” AA mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti, investitsiya, eksport-import bo‘yicha talab...

So`nggi yangiliklar