Uz / Ўз Ru En

Toshkent

10/Aprel/2021   Jamiyat

Frederik Bressand: Samarqand - mening qalbimdagi Vatanimdir


PARIJ, 10-aprel. /“Dunyo” AA/. Fransiya Temuriylar san’ati va tarixini o‘rganish uyushmasi prezidenti, Samarqand shahri faxriy fuqarosi Frederik Bressand Sohibqiron Amir Temur tavalludining 685-yilligi munosabati bilan “Dunyo” AA muxbiriga intervyu berdi.

- So‘ngi 30 yillik mening hayotim o‘zbek zamini bilan bog‘liqdir, - dedi taniqli olima. - Bir necha bor O‘zbekistonga tashrif buyurganman. Albatta, har safar Samarqandga borish istagi meni shu shahri azimga yo‘lga otlanishga undaydi. Samarqand - mening qalbimdagi Vatanimdir. Men 2018 yilda yangi O‘zbekiston rahbariyatining qarori bilan Samarqand shaxrining faxriy fuqarosi bo‘lganimdan faxrlanaman. Samarqandning ko‘chalarida sharqona ruh kezib yuradi, tarixiy binolaridagi ko‘zingni o‘ynatadigan naqshlarga qaraganingda, xalqlar yaralishidan to bugunga qadar kechgan turli jarayonlarni his qilasan.

1988 yilda fransiyalik temurshunos olim, professor Lyusen Keren bilan hamkorlikda Temuriylar san’ati va tarixini o‘rganish uyushmasini yaratganmiz. U bilan ko‘plab tadqiqotlar olib borganmiz. Amir Temur jahon tarixida qudratli va gullab-yashnagan davlat barpo etgan sarkarda va davlat arbobigina emas, balki o‘z poytaxti Samarqandni yer yuzining madaniy-me’moriy va ilmiy-ma’naviy markazlaridan biriga aylantirgan buyuk me’mor sifatida ham xotiramga muhrlandi.

Amir Temur o‘sha davrning deyarli barcha yirik davlatlari va ularning hukmdorlari bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Turli davlatlarga o‘z elchilarini yuborgan, shuningdek, uning huzuriga yo‘llangan xorij elchilarini qabul qilgan.

Fransiya hukmdori Sharl VI saroyiga elchilar yuborgani, o‘z o‘rnida, fransiyalik elchilarni poytaxti Samarqandda qabul qilgani haqida atroflicha bayon etilgan ko‘plab tarixiy va ilmiy asarlar bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Fransiyada Amir Temur shaxsiga bo‘lgan qiziqish haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, fransuz sharqshunoslari Sohibqiron va u asos solgan buyuk sulola, ayniqsa, Ulug‘bek tarixini yoritishda faqat harbiy yurishlar va amalga oshirilgan ishlar solnomasini tuzish bilan cheklanmasdan, o‘sha davr ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-mafkuraviy muhitini hamda Amir Temur va uning avlodlariga xos sof insoniy fazilatlarni, ularning davlat, jamiyat, din va ilm-fanga bo‘lgan munosabatini ham atroflicha tadqiq qilishga alohida e’tibor berishadi.

Bugungi yangi O‘zbekistonda Temuriylar san’ati va tarixiga, uni o‘rganish va, ayniqsa, yoshlarga tarxiy me’rosni o‘rgatish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni alohida ta’kidlamoqchiman. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston madaniy me’rosini saqlash va uni keng yoyish loyihasi biz kabi olimlar hamjamiyati tomonidan iliq kutib olindi.

O‘zbekiston Respublikasi hukumati va O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida 2019 yil aprel oyida Temuriylar uyushmasi tashkil topganining 30 yillik yubileyini tantanali ravishda nishonladik. Tadbir doirasida Toshkentda Temuriylar davri fan va madaniyatiga bag‘ishlangan ilmiy-konferensiya, Samarqandda qator tadbirlar, xususan, mashhur fransuz aktyori Fransua Shato ishtirok etgan Ulug‘bek spektakli, turli-xil ko‘rgazmalar va o‘zbek milliy qo‘shiqchilari ijrosidagi konsert dasturlari tashkil etildi. Bunda, albatta, O‘zbekistondagi Amir Temur fondining ham xizmatlari kattadir.

Mavzuga oid

Belgiya, Daniya, Lyuksemburg va Gollandi...

Telekonferensiya qatnashchilariga Oʼzbekistonda pandemiya tarqalishining oldini olish va u...

O‘zbekiston fuqarolari o‘zlarini ijtimoi...

Mamlakatimizning Polshadagi diplomatik vakolatxonasida hamkor davlat Ichki ishlar vazirlig...

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirlig...

Аdvokatlarning ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozli chiqishlariga sabab bo‘ldi.

So`nggi yangiliklar