Uz / Ўз Ru En

Toshkent

27/Aprel/2020   Dolzarb

Geologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 aprel kuni geologiyada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va galdagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Oxirgi uch yilda ushbu sohani tubdan isloh qilish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi. Shu davrda tarmoqqa ajratilgan mablag‘lar 3 barobarga oshdi. Uskunalarning uchdan bir qismi yangilandi. 850 tadan ziyod ilg‘or va innovatsion texnologiyalar joriy etildi.

Natijada qidirilayotgan qazilma boyliklari turlari 3 tadan 17 taga kengaydi. Ruda tarkibida aniqlanadigan elementlar soni 12 tadan 40 taga yetkazildi. 2019 yilda Markaziy Osiyoda ilk bor zamonaviy aerogeofizik kompleks ishga tushirilib, yer qa’rini innovatsion usullarda o‘rganish yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, geologiya ishlarining boshlang‘ich bosqichida zamonaviy GIS-texnologiyalari asosida dunyoda tan olingan Global-Mapper, Erdas, ENVI dasturlari va yuqori aniqlikdagi Landsat, Aster kosmosuratlaridan foydalanish joriy etildi. Bu usullar ancha chuqur qatlamlar haqida yuqori aniqlikda ma’lumot olish hamda katta hududlarni qisqa muddatda o‘rganish imkonini bermoqda. Eng muhimi, vaqt va xarajat tejalmoqda.

Yer osti suvlarini monitoring qilish va kadastrini yuritish ham takomillashtirildi. 250 ta kuzatuv qudug‘ida yer osti suvi parametrlarini masofadan avtomatik o‘lchash qurilmalari o‘rnatildi.

Sohadagi ishlarni izchil davom ettirish maqsadida joriy yilda geologiya-qidiruv ishlariga 1,6 trillion so‘m ajratildi.

Bugungi yig‘ilishda mazkur ishlar hajmini oshirish, xorijiy investitsiyalar jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yil yakuniga qadar oltin va kumush resurslari, mis va 8 turdagi noruda boyliklari zaxiralarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun texnikalarni yangilashni davom ettirish kerak. Masalan, zamonaviy uskunalarni qo‘llash hisobiga burg‘ilash chuqurligini 800 metrdan 1200 metrga yetkazish, ish samaradorligini esa 1,7 baravarga ko‘paytirish mumkin.

Shu bois joriy yilda geofizika, burg‘ilash, tog‘-kon va laboratoriyada qo‘llaniladigan 385 ta uskunani modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriq berildi. Yil yakuniga qadar uglevodorodga istiqbolli 16 ta maydonni aniqlash, 23 ta yangi kon zaxiralarini tasdiqlash vazifasi qo‘yildi.

Sohaning investitsion jozibadorligini oshirish masalasi muhokama qilinar ekan, davlatimiz rahbari buning uchun xalqaro standartlarni joriy etish kerakligini ta’kidladi. Xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, geologlarni JORC standartlari bo‘yicha ma’lumot tayyorlashga o‘qitish muhimligi qayd etildi.

O‘zlashtirish uchun tayyor 20 ta konga tajribali investorlarni jalb qilish, boshqa istiqbolli maydonlar bo‘yicha sarmoyaviy loyihalarni shakllantirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Geologiya sohasi qishloq xo‘jaligi yerlarini suv bilan ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi. Xususan, quduqlar qazish uchun har bir tumanga maxsus texnikalar yetkazilishi belgilangan.

Yig‘ilishda 3 ming gektarga suv chiqarish uchun 70 ta quduq burg‘ilash bo‘yicha vazifa qo‘yildi. Shuningdek, joriy yilda 200 ta yangi quduqda suv sarfini, 400 ta quduqda yer osti suv sathini onlayn monitoring qiladigan tizim joriy etish hamda yer osti suvlari interaktiv xaritasini yaratish zarurligi ta’kidlandi.

Geologiya rivojida fundamental, ilmiy, innovatsion va amaliy tadqiqotlarning o‘rni katta. Shu bois yil yakunigacha 2,5 ming kvadrat kilometr maydonni kosmik tasvirlar orqali, 5 ming kvadrat kilometr maydonni aerogeofizika usuli orqali geologik o‘rganish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Joriy yil 24 yanvarda Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada hamda 31 yanvar kuni ilm-fan vakillari bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari geologiya sohasida ilmiy salohiyatni rivojlantirishga doir qator istiqbolli vazifalarni belgilab bergan edi.

Shu asosda Geologiya fanlari universitetini tashkil etish bo‘yicha ish olib borilmoqda. Uning o‘quv dasturlari Sankt-Peterburg konchilik universiteti va boshqa xorijiy ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribasi yordamida ishlab chiqilmoqda.

Bugungi yig‘ilishda mazkur yangi universitet qoshida Geologiya muzeyini tashkil etish va uning faoliyatini o‘quv jarayoniga bog‘lash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Mutasaddilar sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda galdagi topshiriqlarni bajarishga qaratilgan rejalar yuzasidan axborot berdi.

 

Mavzuga oid

Shavkat Mirziyoyev: Yo‘llarimizda piyoda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 iyun kuni Toshkent shahrida yangi yo‘l va ko‘prik loyihasi ...

Yevropalik ekspert: O‘zbekiston faol yos...

Yevropa Osiyo tadqiqotlari instituti katta hamkori Alberto Turkstra

Tojikistonning yetakchi axborot agentlik...

Tojikistonning yetakchi «ASIA-plus» va «Avesta» axborot agentliklari tomonidan bugun boshl...

So`nggi yangiliklar