Uz / Ўз Ru En

Toshkent

23/Sentabr/2020   Vatandoshlarimiz

Germaniyadagi vatandoshga yuksak mukofot topshirildi

BERLIN, 23 sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida vatandoshlar hamda Germaniya ijtimoiy-siyosiy va ilmiy akademik doiralari vakillari ishtirokida tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Tadbirda ta’kidlanganidek, Germaniyadagi vatandoshlar O‘zbekistondan uzoqda bo‘lsa-da, pandemiya sharoitida mamlakatimizni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Xususan, yurtimizga bir necha bor saxovat yordami jo‘natildi, turli tashkilotlar bilan dolzarb mavzularda vebinarlar o‘tkazildi.

O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Germaniyadagi vakili, Berlindagi Xerman-Shuls nomli maktab o‘qituvchisi Kamoliddin Bediyev ana shunday faol yoshlardan biri.

K.Bediyev 2008 yildan buyon Germaniyaning Berlin shahrida yashab keladi. U tashabbuskorligi bilan Germaniyadagi yoshlar orasida ajralib turadi. Elchixona bilan yaqin hamkorlikda ushbu mamlakatda ta’lim olayotgan va turli sohalarda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan uyushtirilayotgan barcha tadbirlarning faol tashkilotchilaridan biri hisoblanadi. 2019 yilda Berlin Gumbold universitetida o‘zbek tilini o‘rganayotgan xorijlik yoshlar va Germaniyada tahsil olayotgan o‘zbek yoshlari ishtirokida tashkil etilgan “Adabiy ko‘prik” qo‘shma loyihasi muallifi.

Koronavirus pandemiyasi davrida K.Bediyevning bevosita faol ishtiroki va tashabbusi bilan ta’lim, fan, qishloq xo‘jaligi, koronavirusga qarshi kurash kabi dolzarb mavzularda vebinarlar tashkil etildi. “Kuch birlikda” aksiyasi yordamida Germaniyadagi yosh vatandoshlar birlashtirildi. Shu orqali tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan Buxoro hamda Sirdaryo viloyati aholisiga xayriya yordamlari yetkazildi.

U ayni faoliyati tufayli O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga binoan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Uchrashuvda farmon o‘qib eshittirildi va davlat mukofoti o‘z sohibiga topshirildi.

– Kamtarona mehnatim davlatimiz rahbari tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani va yuksak mukofotga loyiq ko‘rilganimdan xursandman, – dedi Kamoliddin Bediyev. – Prezidentimizning yuksak e’tibor va e’tirofi bugungi kunda xorijda faoliyat olib borayotgan biz kabi yoshlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu nafaqat mening, balki shu darajaga yetishishimga sababchi bo‘lgan ota-onam, bilim bergan ustozlarim, qolaversa, Germaniyada yashab, ilmiy faoliyat olib borayotgan barcha yoshlar uchun berilgan mukofotdir. Bu menga Germaniya bilan o‘zaro hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirishga katta rag‘bat va kuch-quvvat beradi. Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shib, uning xorijdagi nufuzini yanada yuksaltirish yo‘lidagi faoliyatimni davom ettirish men uchun sharafdir.

– Maktabimiz o‘qituvchisi, hamkasbimiz Kamoliddin Bediyevning ushbu mukofot bilan taqdirlangani yuksak mamnuniyat bag‘ishlaydi, – dedi Xermann-Shuls nomidagi maktab direktori Regina Knoyexelman. – K.Bediyev singari mehnatkash va intiluvchan pedagog bizning ta’lim muassasamizda o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgani bizning ham yutug‘imiz. Uning mehnat faoliyatidan tashqari o‘z Vatani taraqqiyoti yo‘lidagi sa’y-harakatlari, faollik ko‘rsatayotgani uning fidoyi va Vatanga bo‘lgan yuksak muhabbatidan dalolat.

Germaniya Federal texnik xizmat ko‘rsatish xizmati Yoshlar qanotining Berlin sho‘’basi raisi Yans Peterning bildirishicha, Kamoliddin Bediyev tuzilma bilan O‘zbekiston o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda yaqindan ko‘mak berib kelmoqda, birgalikdagi turli loyiha va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Uning intilish va mehnatlari e’tirofi O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan do‘stlik va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha olib borayotgan oqilona siyosatidan dalolat.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasida ilmiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishda hamda mamlakatimiz turizm salohiyatini keng targ‘ib qilishda munosib hissa qo‘shib kelayotgan “Nihol” o‘zbek-olmon ilmiy-madaniy jamiyati va “Davra” o‘zbek-olmon madaniy jamiyatiga hamda faol yoshlarga elchixona nomidan minnatdorlik bildirilib, faxriy yorliqlar topshirildi.

Mavzuga oid

Janubiy Koreyaning Kyonsan shahrida vata...

O‘zbekiston Respublikasining Koreyadagi elchixonasi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agent...

Koreya Respublikasidagi o‘zbekistonlik i...

Seuldagi elchixonamiz tomonidan TMMAning Kvanju shahridagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda...

Malayziyadagi vatandoshlar o‘zbek tilini...

Malayziyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirokida bugun 21 oktyabr - O‘zbek tili b...

So`nggi yangiliklar