07/Iyun/2023 Iqtisodiy diplomatiya
DEHLI, 7 iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi xodimlari Hindistonning PHDCCI Savdo-sanoat palatasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish, O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarga investitsiyalar jalb qilish, yangi yo‘nalishlarda aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ikki davlat biznes vakillarini o‘zaro tashriflarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida hindistonlik tadbirkorlarning O‘zbekiston axborot texnologiyalari sohasi, to‘qimachilik, charm-poyabzal va ipak sanoatiga investitsiyalari hajmini kengaytirish bo‘yicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirishga kelishib olindi.
1905 yilda tashkil etilgan PHDCCI Savdo-sanoat palatasi Hindiston sanoati, savdo va tadbirkorligini rivojlantirishda alohida mavqega ega. Ushbu tuzilmaga 150 mingdan ortiq yirik, o‘rta va kichik korxonalar aʼzo bo‘lgan.