27/Iyun/2022 Iqtisodiy diplomatiya
TOSHKENT, 27 iyun. /“Dunyo” AA/. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida (ITSV) mahsulotlarini Janubiy Koreya bozoriga eksport qiluvchi 50 dan ortiq o‘zbek korxonalari rahbarlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
ITSV maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda eksportchilar o‘z faoliyatlarida duch kelayotgan dolzarb muammolarni hamda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va Koreya bozoriga eksport qilinayotgan mahalliy mahsulotlar hajmini oshirish bo‘yicha takliflarni bildirdilar.
Shuningdek, tadbirda ITSV tegishli boshqarmalarining masʼul xodimlari, O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi, manfaatdor vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlari vakillari qatnashdi.
Eksportchilarga o‘zbek mahsulotlarini tashqi bozorlarga eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash borasida hukumat tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar taqdim etildi, shuningdek, turli sohalarda, jumladan, to‘qimachilik, kimyo va oziq-ovqat sanoatida savdo aylanmasini oshirishning muhim istiqbollari qayd etildi.
O‘zaro biznes missiyalar va sanoat ko‘rgazmalarini tashkil qilishni nazarda tutgan holda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida yaqin va ishonchli munosabatlarni o‘rnatish zarurligi taʼkidlandi.
Mahalliy ishbilarmonlar joriy yilning 3-7 iyul kunlari Koreya kompaniyalarining 200 ga yaqin vakillari ishtirokida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan biznes-missiyada ishtirok etishga taklif etildi. Missiya doirasida Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida biznes-forumlar, “B2B” va “B2G” formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlar, shuningdek, mamlakatimizning yirik sanoat korxonalariga tashrif buyurish rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida bunday tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.