Uz / Ўз Ru En

Toshkent

26/Sentabr/2022   Iqtisodiyot

Jahonning yetakchi samolyot ishlab chiqaruvchi kompaniyalari “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilgan sintetik GTL aviakerosinidan foydalanish imkoniyatlarini tasdiqladi

TOSHKENT, 26-sentabr. /“Dunyo” AA/.  Jahondagi eng yirik samolyot ishlab chiqaruvchi — Amerikaning “Boeing” va Fransiyaning “Airbus” kompaniyalari  JET A-1 aviatsiya yoqilg‘isi uchun komponent sifatida “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilgan sintetik GTL aviakerosinidan foydalanish imkoniyatini tasdiqladi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.


Energetika vazirligidan olingan maʼlumotga ko‘ra, 23 sentyabr kuni “Boeing”  kompaniyasi “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilgan GTL kerosinini Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan anʼanaviy JET A-1 aviatsiya yoqilg‘isi bilan aralashtirish komponenti sifatida ishlatish imkoniyatini rasman tasdiqladi.

25 sentyabr kuni esa Fransiyaning “Airbus”   aviakompaniyasi ham aviatsiya yoqilg‘isi sohasidagi texnik talablarni tartibga soluvchi ASTM7566 xalqaro standartlariga asoslanib, xuddi shunday tasdiqnoma yubordi.

Shuningdek, Shveysariyaning mustaqil ekspertiza, nazorat, sinov va sertifikatlashtirish bilan shug‘ullanuvchi SGS kompaniyasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilayotgan JET A-1 yarim sintetik aviatsiya yoqilg‘isi sifati xalqaro standartlarga muvofiqligini tasdiqladi.

Loyihaga ko‘ra, “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqarilgan GTL kerosinidan neft kerosini bilan aralashtirib, JET A-1 yarim sintetik aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish uchun komponent sifatida foydalaniladi. Shu bilan birga, “Uzbekistan GTL” zavodi mutaxassislari GTL kerosinini anʼanaviy yoqilg‘i bilan aralashtirmasdan aviatsiya yoqilg‘isi sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlatish uchun aviatsiya yoqilg‘isi sohasida xalqaro nazorat qiluvchi organlardan ruxsat olish ustida ishlamoqda.

Anʼanaviy neftdan olingan kerosin bilan solishtirganda GTL kerosini oltingugurt dioksidi, azot oksidi va zarrachalar miqdori sezilarli darajada past bo‘lgani holda yonadi. Bu samolyot yoqilg‘isi yonishi natijasida chiqindilar miqdorini sezilarli darajada kamaytirish, uni ekologik toza va barqaror qilish imkonini beradi, deyiladi manbada.

Maʼlumot uchun, “Uzbekistan GTL” zavodi yiliga 500 ming tonnagacha sintetik kerosin ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Mavzuga oid

Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda ...

Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Elsevier kompaniyasi vakillari ishtirokida onlayn-...

Jahon banki: O‘zbekistonning YAIM o‘sish...

Jahon banki «Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha iqtisodiy sharh»ning navbatdagi ...

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari ...

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaz...

So`nggi yangiliklar