12/Avgust/2022 Hamkorlik
TOSHKENT, 12-avgust. /“Dunyo” AA/. Amaliy tashrif bilan yurtimizda bo‘lib turgan Koreya Respublikasining Kyonsan-Pukto provinsiyasi gubernatori Li Chol U boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi maʼlumotiga ko‘ra, delegatsiya aʼzolariga yurtimizda mustaqillik yillarida tariximizni va buyuk ajdodlarimiz nomini tiklash, xususan, Sohibqiron Amir Temur shaxsiga qaratilayotgan ulkan ehtirom, buning yorqin namunasi sifatida bunyod etilgan mazkur muhtasham muzey haqida batafsil maʼlumot berildi.
Mehmonlar muzeyda saqlanayotgan Temuriylar davriga oid tarixiy ashyolar, Ulug‘bek davrida qo‘llanilgan astronomik jihozlar, shuningdek, zargarlik buyumlari, musiqa asboblari va boshqa ko‘plab eksponatlar bilan tanishdi.
Qayd etish kerak, Kyonsan-Pukto provinsiyasi 1318 yilda tashkil topgan bo‘lib Janubiy Koreyaning eng tarixiy manzili hamda industrial rivojlangan hududi hisoblanadi. 2000 yilda ushbu provinsiyaning Kyondju tarixiy shahri YUNESKO madaniy va tarixiy shaharlari ro‘yxatiga kiritilgan.