10/Fevral/2023 O‘sish nuqtasi
KUALA-LUMPUR, 10-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va Malayziya-Xitoy xalqaro savdo assotsiatsiyasi (MACITA) vakillari o‘rtasida onlayn-muloqot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda O‘zbekistonda ipakchilik sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar, xususan, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tarkibida faoliyat yuritayotgan 70 dan ortiq korxonalarning 2022 yilda erishgan iqtisodiy natijalari, eksport ko‘rsatkichlari, geografiyasi haqida batafsil maʼlumot berildi.
Tomonlar o‘rtasida ipakchilik sohasida qo‘shma investitsiya loyihasini ishlab chiqish va ipak qurti, shuningdek, turli ipak mahsulotlarini mamlakatimizdan Malayziyaga eksport qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Malayziya vakillari “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi va uning tarkibidagi korxonalar bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini, mamlakatimizda ipakchilik sohasida to‘plangan ulkan tajriba hamkorlik muhim ahamiyatga egaligini taʼkidladi.
Muzokaralar natijasida tomonlar o‘rtasida mamlakatimizdan ipak qurti urug‘ini eksport qilish va Malayziyada ipakchilik bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Maʼlumot uchun, MACITA 2011 yilda tashkil etilgan. Tashkilotning asosiy vazifasi Malayziya ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlar va xizmatlarini Xitoy hamda boshqa davlatlarga eksport va import qilishda ko‘maklashishdan iborat. Assotsiatsiya Malayziya Xalqaro savdo va sanoat vazirligi, shuningdek, boshqa hukumat tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.