Uz / Ўз Ru En

Toshkent

28/Aprel/2020   Jamiyat

Mehnat migratsiyasi sohasida milliy va xalqaro tajriba


TOSHKENT, 28-aprel. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizda “Xususiy bandlik agentliklari institutini takomillashtirish: milliy va xalqaro tajriba” mavzusida xalqaro videokonferensiya o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi manbasiga asoslanib.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish masalalari va xalqaro iqtisodiy hamkorlik departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) va Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda xalqaro mehnat migratsiyasida xususiy bandlik agentliklarining roli, ular faoliyatini tashkil etishda xorijiy davlatlar amaliyotlari va migratsiya siyosatini ishlab chiqishda xalqaro qonunchilikning o‘rni kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.

Konferensiyada koronavirus pandemiyasi davrida mehnat migratsiyasida yuzaga kelayotgan jiddiy muammolarni bartaraf etish, mamlakat ichida va xorijda aholini xavfsiz, tartibli va manzilli ish bilan taʼminlash bo‘yicha tezkor choralarni ko‘rish zarurligi taʼkidlandi.

Vebinarda ishtirok etgan xalqaro ekspertlar mehnat migratsiyasi sohasida o‘z fikrlari bildirdi.

Maykl NYUSON, Mehnat migratsiyasi va inson resurslarini rivojlantirish bo‘yicha bosh mutaxassis, XMTning Janubi-Sharqiy Yevropa, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha hududiy ofisi vakili (Avstriya):

— Mehnat migranti nafaqat o‘z oilasi, vataniga, qolaversa, o‘zi ishlayotgan davlatga ham foyda keltiradi. Bugungi inqirozdan keyin xorijiy yirik ish beruvchilarda, ayniqsa qishloq xo‘jaligi sohasida mutaxassislar yetishmovchiligi kuzatiladi. Bu odamlarning iqtisodiy-ijtimoiy hayotiga jiddiy taʼsir etadi. Pandemiyadan keyin bir yil davomida ham vaziyat avvalgi holatiga qaytmasligi mumkin. Shuning uchun inqiroz davrida va undan keyin mehnat migratsiya bilan bog‘liq vaziyatni hamkorlikda boshqarish lozim bo‘ladi. Mehnat migratsiya oqimini boshqarish uchun bandlik agentliklari, ish beruvchilar va davlat hamkorligi yo‘nalishlari hamda ular tomonidan qilinishi lozim bo‘lgan vazifalarni aniqlab olish zarur.

Inqirozdan keyin bandlik agentliklariga talab va ular tomonidan fuqarolarni ishga jalb qilish jarayoni kuchayadi. Bu ularning ayrimlari tomonidan odamlarni ishga yollashda o‘z vazifalarini suiisteʼmol qilish xatarini ham oshiradi. Bu sharoitda vaziyatni samarali boshqarish uchun migrantlarni jo‘natish ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ayniqsa, ularning sog‘lig‘ini tekshirish lozim. Bu borada migrantlarni qabul qiluvchi va jo‘natuvchi davlatlar hamda bandlik agentliklari o‘rtasida ishlarning sifatli tashkil etilishini taʼminlovchi kelishuv bo‘lishi kerak.

Yana bir muhim jihat, mehnat migrantlari uchun xavfsiz va maqbul sharoitlarni yaratish uchun avvalo bandlik agentliklari mehnat migrantlari jalb etilayotgan sanoat sohalarni yaxshi tushunishi lozim.

Pavel SHALUS, IRIS Dasturi menejeri, XMT shtab-kvartirasi vakili (Shveysariya):

– Xorijiy ishchi kuchini adolatli yollashning xalqaro tizimi (IRIS) standartlari ko‘plab mamlakatlarning davlat idoralari, ish beruvchilari va bandlik agentliklari tomonidan qabul qilingan hamda BMT, XMT konvensiyalarining asosiy normalariga asoslangan, shuningdek, bandlik va mehnat migratsiyasining barcha xalqaro amaliyotini qamrab oladi.

Xususan, ishchilarni jalb qilishda qonuniylik, ochiqlik va huquqlarni himoya qilish prinsiplariga rioya qilish lozim. Shuningdek, qabul qilingan xalqaro normalarga muvofiq, mehnat migrantlaridan foydalanishda majburiy va bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, ish beruvchi va mehnat migranti o‘zaro ixtiyoriy kelishuvga ega bo‘lishi, majburiy to‘lovlarga yo‘l qo‘ymaslik, yaʼni, xorijda ishga joylashtirganlik uchun to‘lovni faqat ish beruvchi amalga oshirishi, mehnat migranti ishdan tashqari vaqtida erkin bo‘lishi, mehnat shartlarining aniq bo‘lishi, shaxsiy maʼlumotlarni bandlik agentliklari va ish beruvchilar tomonidan oshkor qilinmasligi kabi prinsiplarga rioya etishi lozim.

Masalan, dunyoning mashhur savdo belgisiga erishgan yirik kompaniyalari “ish beruvchi to‘laydi” prinsipiga rioya qiladi.

Mavzuga oid

Yokogama Milliy universiteti O‘zbekiston...

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta ...

«O‘qituvchi» markazi Qozog‘iston nashriy...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommun...

Mo‘ynoqda yangi aeroport ishga tushdi, “...

Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq shahrida yangi aeroport ishga tushirildi. Unga birinchi bo‘l...

So`nggi yangiliklar