19/Yanvar/2022 Iqtisodiyot
TOSHKЕNT, 19-yanvar. /«Dunyo» AA/. Vazirlar Mahkamasining «Muqobil energiya orqali ishlaydigan isitish tizimini joriy etgan limon yetishtiruvchilarni, shuningdek, yangi limonzorlarni barpo etish va ko‘chatlar xarid qilishni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Unda limon yetishtiruvchilarni muqobil energiya orqali ishlaydigan isitish tizimi bilan ta’minlash, shuningdek, yangi limonzorlarni barpo etish va ko‘chatlarni xarid qilishni qo‘llab-quvvatlash vazifalari belgilandi.
Hukumat qarori bilan limon yetishtirish uchun issiqxonalar qurish davrida muqobil energiya ob’ektlari qiymatining bir qismini (tabiiy gazga nisbatan) qoplash tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi. Nizom subsidiyalar ajratish tartibini nazarda tutadi, ariza topshirishda zarur hujjatlar ro‘yxatini, shuningdek, 5 yil davomida mablag‘lardan foydalanishni monitoring qilish tartibini belgilaydi.
Hujjatga ko‘ra, muqobil energiyadan foydalangan holda isitish uskunalari qiymatining 30 foizigacha muqobil energiya manbalari Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxonani rivojlantirish agentligining Bog‘dorchilik va issiqxonani rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan qoplanadi.
Shuningdek, Agentlik bilan talabnoma beruvchi o‘rtasida bir oy muddatda talabnoma beruvchining arizasida ko‘rsatilgan asosiy bank hisob varag‘iga o‘tkaziladigan subsidiya ajratish to‘g‘risida shartnoma tuziladi.
Qaror bilan yangi limonzorlarni barpo etish va ko‘chatlarni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, hujjat subsidiyalar ajratish tartibini hamda ariza berishda zarur hujjatlar ro‘yxatini belgilaydi. Nizomga ko‘ra, yangi limon plantatsiyalarini yetishtirish va ko‘chat sotib olish bilan bog‘liq xarajatlar har yuztasiga ko‘pi bilan 300 ming so‘m miqdorida subsidiya tarzida qoplanmoqda.
Subsidiya limonzorlarni barpo etish va ularni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha tuman ishchi komissiyasining dalolatnomalari Agentlikka taqdim etilgandan keyin bir oy muddatda ajratiladi.