08/Aprel/2020 Jamiyat
TOSHKENT, 8-aprel. /“Dunyo” АА/. Oʼzbekiston Prezidentining “Tibbiy-sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qaroriga muvofiq, Oʼzbekistonda epidemiologik nazorat boʼyicha oliy taʼlim muassasasi tashkil etiladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” АА muxbiri.
Hujjatda Sogʼliqni saqlash vazirligi Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi va Innovatsion sogʼlikni saqlash milliy palatasi bilan birgalikda uch oy muddatda jamoat salomatligi va sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatlari sohasida oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash boʼyicha alohida tibbiyot oliy taʼlim muassasasini tashkil qilish va oʼquv jarayonini 2020/2021 oʼquv yilidan boshlashni nazarda tutadigan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilab qoʼyildi.
Bundan tashqari, 2021-yil 1-yanvarga qadar N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti va Turkiya Baxchishehir universitetining filiallari va klinikalarini tashkil etish, shuningdek, xalqaro reytinglarga kiruvchi nufuzli xorijiy tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʼshma taʼlim dasturlari asosida xalqaro fakulьtetlar va filiallarni ochish choralari koʼriladi.
Shuningdek, Xalqaro Vestminster va Аkfa universitetlarini jalb qilgan holda, mazkur oliy oʼquv yurtlarida hamda tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida 2020/2021 oʼquv yilidan boshlab, sogʼliqni saqlash sohasi uchun menejer mutaxassislarni tayyorlash boʼyicha magistrlik yoʼnalishi ochiladi.