Uz / Ўз Ru En

Toshkent

13/Oktabr/2021   Parlament

Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi 20 oktabr kuni chaqiriladi

TOSHKЕNT, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/. Kecha O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. 


Senat raisi Tanzila Norboyeva boshqargan ushbu majlisda Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisini shu yil 20 oktabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

Parlament yuqori palatasidan ma’lum qilinishicha, videokonferensaloqa tarzida o‘tkaziladigan yalpi majlisda qator masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan. “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi, “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning huquqlarini himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi, “Muzeylar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, Bosh vazir o‘rinbosarining yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda nogironligi bo‘lgan bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash yuzasidan axboroti hamda “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining faoliyati, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining ko‘p kvartirali uy-joylarga xizmat ko‘rsatish holati, shu jumladan, boshqaruv kompaniyalarining faoliyati yuzasidan axborotlari eshitilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, mamlakatimizdagi avtomobil yo‘llari hamda sun’iy inshootlarning holati va transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga doir qonun hujjatlarining ijro etilishi, qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasini rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar hamda koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament so‘rovlari natijalari muhokama qilinishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda aholi turar-joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish va boshqa masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining yigi...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Kengashining kecha bo‘lib o‘tgan majlisida Senatning yig...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Ross...

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Rossiya Federal Majlisi Federatsi...

Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi...

Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi o‘z ...

So`nggi yangiliklar