Uz / Ўз Ru En

Toshkent

07/Fevral/2023   Ta'lim

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti huzurida Koreya texnologiya va madaniyat kolleji tashkil etildi

SEUL, 7-fevral /“Dunyo” AA/. Samarqand xalqaro texnologiya universiteti  huzurida Koreya texnologiya va madaniyat kolleji tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida xorijiy davlatlarning yetakchi texnika universitetlari bilan birgalikda 2022 yilda Samarqand texnologiya universitetini tashkil etish belgilangan edi. O‘tgan yil yangi avlod muhandis-texnologlarini tarbiyalash maqsadida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

Joriy yilda mazkur universitet qoshida Koreya texnologiya va madaniyat kolleji (Korean College of Technology and Culture) o‘z faoliyatini boshladi.

Mazkur kollejni ochishga Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayevning o‘tgan yili oktyabr oyida Janubiy Koreyaga amalga oshirgan safari davomida Xankuk xorijiy tillar universiteti va Ipak yo‘li universitetlar tarmog‘i rahbarlari bilan o‘tkazgan muzokaralari natijasida kelishib olingan edi.

Kollejda 5 yo‘nalish – “yashil” energetika (qayta tiklanuvchi energiya), axborot-texnologiyalari dasturchilarini tayyorlash, innovatsiya va biznes, dizayn (sanoat, iqtisodiyot, qurilish dizaynerligi) hamda koreys tili bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Osiyo madaniyati va taraqqiyoti instituti ushbu kollejni malakali o‘qituvchilar bilan taʼminlash vazifasini o‘z zimmasiga olgan. Ipak yo‘li universitetlar tarmog‘i direktori professor Xvang Sung Don esa ushbu kollejga rahbarlik faoliyatini boshladi.

Qayd etish kerakki, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti O‘zbekistondagi yangi turdagi nodavlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Universitet O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvi uchun o‘zida ilg‘or muhandislik bilimlari mavjud bo‘lgan, ijodiy fikrlash qobiliyatiga ega, innovatsion texnologiyalarni yaratish va joriy etish ko‘nikmalarini egallagan yuqori malakali yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashni maqsad qilgan.

- Ushbu murakkab vazifani bajarish uchun asosiy shart – bu yangi texnik taʼlim, ilg‘or xalqaro standartlar asosida muhandis kadrlarni tayyorlashning amaldagi tizimini tubdan isloh qilish, o‘zgartirishdir, - deydi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori, professor Yusuf Abdullayev. - Shundan kelib chiqib, biz dunyodagi eng nufuzli texnika oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik va ularning pedagogik tajribasi asosida tayyorlangan o‘quv rejalari, taʼlim dasturlari va metodikalarni universitetimiz taʼlim jarayoniga tatbiq etyapmiz.

Muassasada talabalar neft-gaz muhandisligi, kimyo muhandisligi, konchilik ishi, geologiya va geologiya muhandisligi yo‘nalishlarida taʼlim oladi. O‘quv jarayoniga Amerika, Yevropa, Osiyo, Avstraliya va Afrikadagi yetakchi taʼlim va imliy-texnika markazlarida faoliyat olib borayotgan xorijlik yetakchi o‘qituvchilar va mutaxassislar, jumladan, xorijiy mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan vatandoshdoshlar ishga taklif etilgan.

Koreya texnologiya va madaniyat kolleji rahbari professor Xvang Sung Donning qayd etishicha, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ochilgan Samarqand xalqaro texnologiya universiteti o‘z faoliyatida Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribasini va mutaxassislarini jalb qilgan holda, talabalar almashinuvi dasturini yo‘lga qo‘yish, bugungi zamon uchun eng dolzarb bo‘lgan “yashil” energetika (qayta tiklanuvchi energiya), axborot-texnologiyalari, dizayn kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qilishni rejalashtirgan.

Mavzuga oid

Orolbo‘yi hududida Eron texnologiyasi as...

Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida Qoraqalpog‘iston investitsiyalar va tashqi savdo vazirl...

O‘zbekiston maktabgacha taʼlim tizimiga ...

Mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi elchixonasi tomonidan tashkillashtirilgan Janubiy...

Sejong instituti jamg‘armasi O‘zbekiston...

O‘zbekiston elchixonasi vakillari Seul shahrida bo‘lib o‘tgan Koreys tili o‘qituvchilarini...

So`nggi yangiliklar