Uz / Ўз Ru En

Toshkent

09/Aprel/2021   Sanalar

Sohibqironning bugungi kotiblari


Amir Temur tavalludining 685 yilligiga

Amir Temur hazratlarining muxlislari turli millat va din vakillari orasida hamisha bo‘lgan. O‘z yurtida uning haqiqiy tarixini o‘rganishni taqiqlagan mustabid tuzum davrida, olis Fransiyada -“Temuriylar tarixi va madaniyatini o‘rganish jamiyati” faoliyat yuritib, “Temuriylar” jurnali muntazam chop etilgan.

Xalqona ibora bilan aytganda, “Alloh aziz qilgan zotlarni bandasi aslo xor qila olmaydi”. Bugun yurtimizda ismiga “temuriyzoda” degan faxrli rutba qo‘shib atashga arziydigan fidoyi insonlar ancha-muncha topiladi. Buyuk zotlarga ma’naviy avlod ekanligingni anglash – ulug‘ saodat.

– Amir Temur davlatining Xitoy bilan savdo-sotiq va diplomatik munosabatlari haqidagi hisobotlarning ingliz tilidagi tarjimasini -Internetdan topdim, – deydi buyuk adib Abdulla Qodiriyning nabirasi, adabiyotshunos olim Xondamir Qodiriy. – Shuni tarjima qildirmoqchiman. Yaxshi tarjimon kerak. Yaponiyada ham Sohibqiron bobomizga oid noyob ma’lumotlar bor ekan. Shuni ham topishimiz kerak…

Vaholanki, Xondamir akaga bu ma’lumotlarni izlab topish va tarjima qilish haqida hech kim topshiriq yoki buyurtma bermagan. Bundan moddiy manfaat ko‘rish imkoni ham yo‘q. Ammo yaxshi tarjimon topilsa, o‘zining kamtarona jamg‘armasiga o‘g‘lidan olgan mablag‘larni qo‘shib bo‘lsa-da, shu savob ishni amalga oshirmoqchi. Chunki bunday insonlarda oriyat, faxr va milliy g‘urur, Vatan tuyg‘usi bilan limmo-lim to‘la yurak bor!

Amir Temur merosining xalqqa qaytarilishi fidoyilar uchun eng katta boylik bo‘ldi. O‘zligini tanigan, g‘ururli bu insonlarni “Sohibqironning bugungi kotiblari”, deyish mumkin.

Ular asrlar osha ulug‘ Sohibqiron bayrog‘ini quyi tushirmasdan, avloddan-avlodga yetkazib kelishayotir. Bu fidoyilardan bugun ham “barong‘or”, “javong‘or”, “manglay” kabi jangovar bo‘linmalar tuzish mumkin. Quyida bugungi temuriy qalamkashlarning ayrimlari haqida hikoya qilmoqchiman.

Samimiyat qo‘shig‘i

1991 yilning qaynoq yoz kunlaridan birida “Amir Temur yurgan yo‘llar bo‘ylab” nomli ilmiy ekspeditsiya o‘zining ilk safarini boshladi. Yozuvchi Hakim Sattoriy ushbu safarning tashkilotchisi va sarbonlaridan biri edi. Ekspeditsiya “yuqori”ning farmon yoki buyrug‘i bilan tuzilgani yo‘q, birorta amaldor loaqal og‘zaki qo‘llab-quvvatlamagan ham. O‘shanda ekspeditsiya avtobusi Sohibqironning muxlislari, ta’bir joiz bo‘lsa, “jangchilari” bilan to‘lgan edi (fidoyilarning “boshini qovushtirish” oson ish emas).

Moliyaviy ta’minot – ekspeditsiya a’zolarining hisobidan. Muayyan tayyorgarlik ko‘rilganiga qaramay, oldinda ularni mavhumlik kutardi. Chunki sobiq mustabid tuzum amalda, u o‘zining so‘nggi nafasini olayotgani o‘shanda kimning xayoliga kelibdi?

Gazetaning har sonida Hakim Sattoriyning “Chinor kunlar” nomli turkum maqolalari e’lon qilinardi. O‘shanda biz talabalar g‘aroyib safar taassurotlarini qo‘lma-qo‘l qilib o‘qirdik. Bu maqolalarda yurt go‘zalligi, turfa odamlar qiyofasi, tarixga munosabat va ulug‘ bobolarning o‘lmas merosi juda qiziqarli yoritilardi.

U vaqtlarda uyali telefon, internet va elektron pochta kabi qulayliklar yo‘q edi. Yurtimizning chekka hududlaridan maqolalar poytaxtga qanday yetkazilgan? Hakim Sattoriy safar davomida to‘xtalgan har manzilda tinimsiz yozib, tayyor maqolalarni poytaxtga yo‘l olayotgan odamlar orqali yuborib turgan. Qarangki, ko‘pincha tasodifiy uchragan hamyurtlarimiz poytaxtga kelib, gazeta tahririyatiga maqolalarni beg‘araz yetkazishgan. Muallif, o‘sha maqolalaridan birida, “Yashasin samimiyat!” deya xitob qilgani ham bejiz emas…

– Ilk safarda qatnashish istagini bildirgan nomzodlar ko‘pligidan, ularni tanlov asosida ekspeditsiyaga qo‘shganmiz, – deydi Hakim aka. – Odamlarda tariximizga qiziqish kuchli edi. Safardan qaytgach, o‘n yildan keyin hammamiz yana uchrashamiz, yangi ekspeditsiya uyushtiramiz, deya o‘zaro ahd qilgandik. Oradan o‘n yil o‘tib, 2001 yilda shu va’daga asosan, “Ikkinchi safar bo‘ladimi?” degan maqola yozdim. Unda birinchi ekspeditsiya a’zolarining ism-familiyalari sanab o‘tilgan, yangi safar haqida e’lon ham berilgandi. Ammo ne ajabki, birorta odam bu e’longa javob bermadi. Ekspeditsiyaning sobiq a’zolari, shuningdek, yangi ishtirokchilar ham to‘planmadi. Nahotki shunchalik tez o‘zgarib ketgan bo‘lsak?..

Hakim Sattoriy esa o‘shandan beri Sohibqiron bobomiz xizmatiga sodiq qoldi. Ijodining bosh mavzusi, zavq-shavqi, falsafasiyu ilhomi buyuk Amir Temur shaxsi bilan bog‘liq. Uning “Xotira karvoni”, “Amir Temur sevgan yurt”, “Istig‘for”, “Hazrat Sohibqiron”, “Oltin silsila”, “Sohibqiron abadiyati” va boshqa ko‘plab asarlari kitobxonlarga yaxshi tanish.

Bir safar ko‘rganimda, yozuvchining uyidagi ijodxonasi ham xuddi Sohibqironning o‘rdugohi-(harbiy shtab)ga o‘xshaydi: stol ustida katta oq qog‘ozga Amir Temurning 1391 yilda To‘xtamishga qarshi yurishi xaritasi chizilgan. Yana xaritalar, hujjatlar, shajaralar. Hammasi qo‘lda yozilgan, ular yangi ma’lumotlar bilan muntazam boyitib boriladi.

– “Sohibqiron Amir Temur millatimizga, dunyoga nima berdi?” degan haybatli savolga hanuz to‘la-to‘kis javob bera olganimiz yo‘q! Bobokalonning ulug‘vor qiyofasini butun salobati ila ko‘rsata olmayapmiz…

Adib ana shu fikrlarni ko‘p takrorlaydi.

Hakim Sattoriy bilan suhbatda buyuk Sohibqiron mavzusi ochilsa, uni “yopish” qiyin. “Bu odamning katta bobosi o‘z vaqtida Sohibqironning munshiyboshisi bo‘lgandir, balki”, deya o‘ylayman. Amir Temurga nisbatan bunday ulkan mehr qon orqali, nasldan-naslga o‘tadi-da.

Bugungi yoshlarga Sohibqiron merosini yetkazishda Hakim Sattoriyning asarlari juda muhim o‘rin tutadi.

Xazinabon

Yozuvchi To‘lqin Hayit – Sohibqironning eng nufuzli mulozimlaridan biri. U – Xalqaro Amir Temur jamg‘armasining mutasaddisi. “Jamg‘arma” – xazina, degan gap. To‘lqin Hayit esa yetti iqlim hukmdori bo‘lgan Sohibqiron bobomizning bugungi xazinaboni!

Mansab bilan ulug‘mas odam,
Mansab – odam bilan muhtaram –

degan hikmat aynan shu odamga juda mos keladi. Negaki, Sohibqironning bugungi xazinasi yigirma yetti yurtning boj-xiroji, ko‘zni qamashtiruvchi la’lu javohirlar bilan emas, balki To‘lqin aka singari fidoyilar va ular ulashayotgan ma’naviy ziyosi bilan juda boy sanaladi.

Xo‘sh, jamg‘armada pul bo‘lmasa nima qilibdi? Ilm-ma’rifat, tadbir, kengashu mashvarat va tashkilotchilik qobiliyati ham – katta boylik emasmi? Shu o‘rinda tarix kitoblarida darj etilgan bir rivoyat esga tushadi: olis yurtda, uzoq yurishlarning birida Sohibqiron qo‘shinida aqcha (pul) tugab qoladi. Navkarlarga oziq-ovqat, otlarga yem-xashak sotib olish zarur. Adolatli Sohibqiron hech qachon o‘zga yurtlarda zo‘rlik bilan fuqarolar moliga nazar solmagan. Hazrat darhol Samarqandga chopar yo‘llaydi. Bibixonimga noma bitib, xazinadan aqcha yuborishini so‘raydi. Oqila malika o‘sha xatning orqasiga birgina jumla yozadi-da, choparni ortga quruq qaytaradi. Xatda shunday yozilgan edi: “Ulug‘ amir, agar zaringiz tugagan bo‘lsa, siyosatingiz ham tugadimu?”

Malikaning oqila maslahatini anglagan Sohibqiron, qo‘shinda so‘yilgan chorva suyaklarini yig‘dirib, har xil kattalikda kesdiradi. Ularga muhr bosiladi, turlicha qiymat belgilanib, muvaqqat pul sifatida muomalaga kiritadi. Bu pullarga qo‘shin uchun zarur mollar sotib olinadi. Shahar zabt etilib, moliyaviy muammo barham topgach, suyak pullar qiymatiga qarab oltin, kumush va mis tangalarga almashtiriladi…

Hozircha To‘lqin Hayit bu bobomeros usulni qo‘llagani yo‘qku-ya, lekin aslo tinch o‘tirmaydi. Ishlari juda ko‘p. Maktab o‘quvchilari o‘rtasida temurxonlik tanlovini uyushtiradi. Xonasida o‘quvchilar yozgan insholar va chizgan rasmlari ba’zan shunchalik ko‘payadiki, ularning panasida yozuvchining miqtigina gavdasi ko‘rinmay qoladi. Bir qarasangiz, kollej o‘quvchilari davrasida, ularga Sohibqiron haqida to‘lib-toshib hikoya qilayotgan bo‘ladi. Asosiysi – tanlov g‘oliblari To‘lqin aka huzuridan hech qachon sovrinsiz, ya’ni kitobsiz qaytishmaydi. Sohibqironning xazinasi ana shunday, barakali.

To‘lqin Hayit doimo ochiq chehra va o‘zgacha viqor bilan yuradi. Shu bois, uni ko‘rgan odam, To‘lqin aka chindan ham juda boy, uning xazinasi Temurbek boboning javohirlari bilan liq to‘la ekaniga shubha qilmaydi. Agar yozgan kitoblari bir nusxadan ustma-ust taxlab chiqilsa, adibning bo‘yidan ancha baland minora hosil bo‘ladi…

Tarix kitoblarida yozilishicha, Temurbek tanlab olgan sarkardalar o‘zlarining harbiy mahoratlarini nafaqat urush kezlarida, balki tinch mehnat chog‘ida ham namoyish etishga tinmay harakat qilar edilar.

Bu ma’lumot hazrat Sohibqironning bugungi fidoyi jangchilariga ham birdek tegishlidir. Yozuvchi To‘lqin Hayit faoliyati – bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Yoqut bilan so‘zlashgan olim

1991 yili «Sharq yulduzi» jurnalining 10-sonida yozuvchi Ozod Mo‘minning «Buyuk Amir Temur yoquti» deb nomlangan qissasi bosilgan edi. O‘shanda mash’um “paxta ishi”ning jarohatlari hali bitmagan edi. Turmush sharoiti og‘irlashgan, umr bo‘yi mehnat qilib, biri ikki bo‘lmagan odam, o‘z bobosining behisob boyliklari haqida xabar topsa, qanday ahvolga tushadi?

Bu asar dard bilan yozilgan. Sho‘ro tuzumining bedodligi avjiga chiqqan zamon edi. Ammo jangovar farzandlari jismonan mahv etilsa-da, xalqimiz qalbida ulug‘ ajdodlar yodi mudrab yotardi. Shu bois, “Buyuk Amir Temur yoquti” odamlarning yuragiga hayajon soldi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu qissa qay darajadadir Sohibqiron qo‘shinini jamlagan tavochi amir vazifasini bajardi. Ya’ni hamfikrlarni, Amir Temurning bugungi fidoyilarini birlashtirdi.

Afsuski, dunyo tarixidagi noyob yoqut hisoblangan «Chirog‘i olam» bugun Londonda saqlanadi, u ingliz qirolichasi taqinchog‘ini bezab turibdi. Bobomiz bizga ulug‘ saltanat bilan birga, mislsiz boy xazinasini ham meros qilib qoldirgan edi. Xazinada yigirma besh ming asl javohirlar, ular ichida esa «Chirog‘i olam» nomli o‘ta noyob yoqut bo‘lgan. U – dunyodagi eng ulkan javohir bo‘lib, uning loaqal yarmicha keladigan boshqa yoqut hanuz topilmagan. Noahillik, nafs balosi va fitna-fasod tufayli Sohibqiron vafotidan so‘ng dastlabki uch-to‘rt yil ichida ulkan xazinadan, uch-to‘rt asr o‘tgach esa, davlatdan, mustaqillikdan ham judo bo‘ldik…

Yozuvchi Ozod Mo‘min, o‘tgan asrning 80-yillari oxirida tili, dini va boyliklaridan judo bo‘lgan millat haqida hasratli o‘ylarini quyidagicha yozadi: “Goho-goho menga uzoqlardan, aniqrog‘i, sertuman Albion deb ataluvchi Britaniya orolidagi qirol oilasi istiqomat qiluvchi Bukinxem saroyidan bir nido kelayotgandek tuyuladi. «Meni buyuk Amir Temur avlodlari yashayotgan serquyosh, nurli o‘lkaga olib keting! – iltimos qiladi u nido. – Men olam chirog‘i bo‘lganim bilan, yorug‘ nurlarni to‘yib emib turmasam, nozik jilolar taratolmayman…»

«Afsuski, biz buyuk Amir Temurga munosib avlod emasmiz, – o‘ylayman men. – Bu peshona emas, ko‘rgilikdir. Biz kelgusi avlodlar oldida ham jazoga mustahiqmiz. Bizni kechir, bu ish qo‘limizdan kelmaydi. Senga egalik qilishga, ma’naviy ojizligimiz tufayli, aslo haqqimiz yo‘q… Ammo mening qalbim, bu satrlardan sening mavjudligingni bilgan xalqimning ham qalbi sen bilan birgadir».

Xalqimizning asriy armoni, orzu-niyatlari o‘ziga xos aks etgan bu asarning poyqadami qutlug‘ keldi. O‘sha yili Vatanimiz ulug‘ Istiqlolga erishdi. Bugun Vatan farzandlarining barcha jabhalarda jahon maydonlarini birin-ketin zabt etayotganini ko‘rib, ko‘ngillar tog‘dek yuksalmoqda. Orzuga ayb yo‘q. Ajoyib kunlarning birida “Chirog‘i olam”ni ham o‘z Vataniga, haqiqiy vorislar ixtiyoriga qaytarish imkoni-da paydo bo‘lar?..

Baxtiyor Haydarov
(«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi,
2021 yil 9 aprel)

Mavzuga oid

7 aprel — Butunjahon salomatlik kuni

Bugun Butunjahon salomatlik kuni

Bobur jahon tarixida kuchli madaniy alma...

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Milliy gvardiya Harbiy texnika instituti tomon...

Xalq ichidan chiqqan qahramon

Sohibqiron Amir Temur Ko‘ragon qurgan buyuk davlat va uning vorislari bo‘lgan temuriylar s...

So`nggi yangiliklar