Uz / Ўз Ru En

Toshkent

25/Sentabr/2021   TIV yangiliklari

Tashqi ishlar vazirligida Gender tenglikka erishish strategiyasining istiqboldagi maqsadlari muhokama qilindi


TOSHKЕNT, 25-sentabr. /«Dunyo» AA/. Bugun O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligida «Gender strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tadbirda  Oliy Majlis Senatining Xotin qizlar va gender tenglik masasalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova, tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidiqov, Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Umida Abdullayeva, Yuristlar malakasini oshirish instituti kafedra mudiri Lola Saidova, shuningdek, vazirlik xodimlari, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari vakillari  ishtirok etdi.

Anjumanni tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidiqov kirish so‘zi bilan ochib, davlatimiz rahbari rahnamoligida gender tenglikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar, milliy qonunchilikning bu boradagi talablarini yanada kuchaytirish vazifalari, vazirlik tizimida mazkur yo‘nalishda qilinayotgan ishlar haqida to‘xtaldi.

Oliy Majlis Senatining Xotin qizlar va gender tenglik masasalari qo‘mitasi raisi Malika Qodirxonova mamlakatimizda gender tengligini ta’minlash,  xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish masalalariga to‘xtaldi. 

So‘nggi yillarda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 25 ta qonun hujjati qabul qilingani ta’kidlandi. O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Aynan shu ko‘rsatkich bo‘yicha yurtimiz dunyo davlatlari orasida top-50 talikdan o‘rin olgani qayd etildi.

Ma’ruzachiga ko‘ra, respublikada boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga yetdi. 81 ta vazirlik va idorada ilg‘or va bilimli ayollardan iborat 15 ming nafardan ortiq kadrlar zaxirasi shakllantirilgan.

Davra suhbatida Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasining mazmun-mohiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. 

- O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qarorlar qabul qilish va ijro etishning barcha sohalarida hamda darajalarida xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutadi, - dedi Malika Qodirxonova. - Shuningdek, strategiya erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish hamda insonning fundamental huquqlariga rioya qilish maqsadida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targ‘ib qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi. 

Senat vakilining so‘zlariga ko‘ra, strategiyadagi yo‘nalishlar BMTning 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq ishlab chiqilgan.

Tadbirda gender tengligi masalasida Tashqi ishlar vazirligida tizimli ishlar bajarilayotgani qayd etildi. Xususan, joriy yilning iyun oyida 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2021-2023 yillarda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturiga asosan vazirlik ish rejasi qabul qilindi va ijroga qaratildi. Bundan tashqari, gender tenglikni ta’minlash borasida Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik jadal rivojlanib bormoqda. Jumladan, «BMT-ayollar» tuzilmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan turli darajalardagi doimiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan.

Yig‘ilishda joriy yil mart oyida O‘zbekistonning Nyu-York shahridagi Doimiy vakolatxonasi tomonidan BMTning 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish kun tartibining bajarilishi doirasida ayollar huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi to‘g‘risidagi ma’lumot BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida 6 tilda chop etilib, barcha a’zo davlatlarga takdim etilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davra suhbati spikerlari, shuningdek, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning mazmun-mohiyati, Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishda himoya orderining ahamiyati to‘g‘risida ma’ruzalar qildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga  batafsil javob berildi.

"Dunyo" AA fotomuxbiri Anvar Ilyosov olgan suratlar

Mavzuga oid

O‘zbekiston TIV rahbari o‘rinbosari: Mar...

Bugun poytaxtimizdagi xalqaro media-xollda “Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilikning o‘rnat...

Xorijiy diplomatlar O‘zbekistonda vino s...

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi mamlakatimiz Alkogol va tamaki bozorini tartibga solis...

TIV xodimlari ishchi guruh tarkibida Bux...

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga safari davomida mahallalar darajasida muamm...

So`nggi yangiliklar