28/Noyabr/2022 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Belarus tashqi ishlar vaziri Vladimir Makeyning bevaqt vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
«Belarus tashqi ishlar vaziri Vladimir Vladimirovich Makeyning bevaqt vafoti haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik, deyiladi TIV rasmiy saytida eʼlon qilingan xabarda. Vladimir Vladimirovich mohir va tajribali diplomat, o‘z sohasining ustasi va Belarusning haqiqiy vatanparvar insoni edi.
Uning ko‘p qirrali O‘zbekiston-Belarus munosabatlarini rivojlantirishga bo‘lgan samimiy intilishi alohida eʼtiborga molik. Ayniqsa, so‘nggi yillarda u O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga katta hissa qo‘shdi.
Vladimir Makey o‘zidan ijobiy va yorqin xotiralar qoldirdi.
Vladimir Vladimirovich Makeyning hamkasblari, yaqinlari va do‘stlariga hamdardlik va dalda so‘zlarimizni bildiramiz».