28/Noyabr/2022 TIV yangiliklari
TOSHKENT, 28-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bugun Fransiya elchisi Oreliya Bushezni qabul qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama qilingani barobarida 2023 yilga mo‘ljallangan O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Taʼkidlanganidek, O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 21-22 noyabr kunlari Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi va oliy darajadagi muzokaralari yakunlari ikki davlat rahbarlarining O‘zbekiston-Fransiya muloqotiga barcha sohalarda yangicha surʼat bag‘ishlash borasidagi siyosiy irodasi mavjudligini tasdiqladi.
Muzokaralarda iqtisodiy diplomatiyani mustahkamlash masalalari muhim o‘rin tutdi. Tashrif chog‘ida umumiy qiymati 6 milliard yevrodan ortiq savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikka doir loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi bildirildi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan Fransiya Milliy assambleyasi o‘rtasida, jumladan, Parlamentlararo ittifoq va YEXHT Parlament assambleyasi doirasidagi hamkorlikni faollashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuvda kelgusi yilda rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlar jadvali va kun tartibi yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlarning madaniy-gumanitar sohadagi o‘zaro hamkorligiga alohida eʼtibor qaratildi. Elchi Fransiya jamoatchiligi va ushbu mamlakat poytaxtiga kelayotganlar Luvr va Parijdagi Arab dunyosi institutida ochilgan O‘zbekiston muzeylari eksponatlarining ko‘rgazmalariga alohida qiziqish bildirayotganini taʼkidladi.
Anvar Ilyosov olgan surat(“Dunyo” AA).