26/Yanvar/2021 TIV yangiliklari
BUXORO, 26 yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga safari davomida mahallalar darajasida muammolar va imkoniyatlarni aniqlash, aholi bandligiga erishish va daromad manbalarini taʼminlash bo‘yicha maqsadli ishlarning yangi tizimini joriy etishning muhimligini taʼkidladi, deya xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Shu munosabat bilan Buxoro viloyati shahar va tumanlariga biriktirilgan vazirlik, idora va tijorat banklari rahbarlari, shu jumladan, Tashqi ishlar vazirligi vakillaridan iborat ishchi guruh mintaqaga yuborildi.
Xususan, Tashqi ishlar vazirligi “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va “Qishloqqurilishbank” bilan birgalikda Buxoro tumanidagi 36 ta mahalladan 16 tasiga biriktirilgan.
Ikki kunlik o‘rganishlar davomida diplomatlar “Ko‘chko‘mar”, «Qavola Mahmud», “Qo‘shxodim”, “Turkon”, “Rabоtak”, “Sohibkor”, “Navro‘z”, “So‘fikorgar”, “Oybek”, “Mustaqillik” qishloq fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, mahalla raislari va aholi bilan muloqot qildi
O‘rganishlar davomida kam taʼminlangan oilalar («Temir daftar»), ishsiz ayollar va yoshlar («Ayollar va yoshlar daftari»), mehnat muhojirlarini aniqlashga, shuningdek, kommunal va ijtimoiy infratuzilmani (maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiyot punktlari va boshqalar) yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Ishchi guruhning safari davom etmoqda.