19/Yanvar/2022 Ta'lim
TOSHKЕNT, 19-yanvar. /«Dunyo» AA/. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Avstriyaning Klagenfurt universiteti bilan ilmiy yo‘nalishda hamda qo‘shma ta’lim dasturi bo‘yicha hamkorlik shartnomalarini imzoladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Ushbu ikki tomonlama hujjat Toshkent axborot texnologiyalari universitetining magistratura mutaxassisligi bo‘yicha besh yo‘nalishda tahsil oluvchi talabalari uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi.
Qayd etilishicha, beshta mutaxassislik talabalarining eng iqtidorlilari saralab olinib, ular Klagenfurt universitetida 1 yoki 2 semestr davomida o‘qishini davom ettirish hamda har ikki tomonning diplomiga ega bo‘lishlari mumkin.
Bundan tashqari, universitetning ilmiy izlanuvchilari, doktorantura hamda magistratura talabalari ikki universitet professor-o‘qituvchilarini hamkor ilmiy rahbar sifatida tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti manbasiga ko‘ra, Klagenfurt universiteti bilan o‘rnatilgan yaqin aloqalar ERASMUS+ INTRAS loyihasi doirasida boshlangan. Unga binoan shu kunga qadar 10 dan ortiq ilmiy maqolalar chop etildi. Universitetning 2 nafar o‘qituvchisi xorijda amaliyot o‘tadi. Hademay universitetning yana ikki nafar tadqiqotchisi besh oylik almashuv dasturi doirasida Avsriyaga jo‘nab ketadi.