Uz / Ўз Ru En

Toshkent

26/Iyul/2021   Jamiyat

Toshkent xalqaro konferensiyasi natijalari Tojikiston OAV diqqat markazida


DUShANBE, 26 iyul. «Dunyo» AA/. Tojikistonda o‘zbek tilida chop etiladigan «Xalq ovozi» gazetasida 15-16-iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» xalqaro konferensiya natijalariga bag‘ishlangan «Xalqaro konferensiyadan taassurotlar» sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Gazeta bosh muharriri, Toshkent xalqaro konferensiyasi ishtirokchisi Yoqubjon Abdumannonzoda qalamiga mansub ushbu maqolada Toshkent xalqaro konferensiyasining ahamiyati, muhokama qilingan masalalar ko‘lami va nufuzli delegatsiyalar ishtirokiga doir batafsil ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan.
«15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan yuqori darajadagi "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar" mavzusidagi xalqaro konferensiyada jahonning qirqdan ziyod davlati vakillari, jumladan, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari, boshqa xorijiy davlatlarning tashqi ishlar vazirlari va yuqori darajadagi vakillari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, global moliyaviy institut va kompaniyalar, yetakchi ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlarining rahbarlari ishtirok etdi», - deb yozadi nashr.
Maqolada forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tarixiy yaqin va do‘stona aloqalarni, ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni ikki mintaqa xalqlari va mamlakatlarining manfaatlari yo‘lida mustahkamlashdan iborat bo‘lgani alohida qayd etilgan.
Tojikiston nashri ta’kidlaganidek, Toshkentda «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar" xalqaro konferensiyasi doirasida “S+5” formatida delegatsiyalar rahbarlari uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
«16-iyul kuni ertalab o‘z ishini boshlagan xalqaro konferensiyani O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kirish nutqi bilan ochdi. Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishida Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, uni bugungi kunda o‘zaro ishonch va manfaatdorlik asosida mustahkamlashning ahamiyati to‘g‘risida atroflicha to‘xtaldi», - deb yozadi muallif.
Nashr, shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida ikki mintaqa mamlakatlari o‘rtasida tinchlik va do‘stlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorliklarni kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surganini ham qayd etgan.
“O‘zbekiston rahbari Markaziy Osiyo bilan Janubiy Osiyoni samarali va xavfsiz bog‘laydigan transport-logistika infratuzilmasini barpo etish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. «Termiz - Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘lining qurilishi bu arxitekturada muhim bo‘g‘in bo‘ladi. U ikki mintaqaning tranzit salohiyatini to‘la yuzaga chiqarib, yuk tashish masofasi va vaqtini ancha qisqartiradi. Shu boisdan ham, loyiha ishtirokchi davlatlar va xalqaro moliya institutlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda”.
Maqolada Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon, Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel mintaqada hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, bunda mazkur forumning ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bayon etganiga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Mavzuga oid

Vatandoshlar bilan ishlash – xalq diplom...

Keyingi vaqtda xalq diplomatiyasi xalqaro munosabatlarni yaxshilashda muhim omillardan bir...

O‘zbekistonda millatlararo hamjihatlikni...

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik va h...

O‘zbekiston tomonidan Nogironlar huquqla...

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan «Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani (Nyu-Yor...

So`nggi yangiliklar