Uz / Ўз Ru En

Toshkent

29/Oktabr/2020   Jamiyat

Umra tadbirini tashkil etish yuzasidan rasmiy maʼlumot berildi


TOSHKENT, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Umra tadbirini tashkil etish yuzasidan xabar eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

«So‘nggi yillarda Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish, ziyoratchilarga qulay shart-sharoit va yengilliklar yaratish borasidagi ishlar, shubhasiz yangi bosqichga ko‘tarildi. Buni tashkiliy ishlar hamda Makka va Madina shaharlarida yurtdoshlarimiz uchun yaratilgan yangilik va qulayliklar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.

Mazkur safarlarni tashkil etish dunyoda kechayotgan murakkab epidemiologik vaziyat, qolaversa Saudiya Arabistonidagi koronavirus kasalligi bilan bog‘liq jiddiy holatdan kelib chiqib, vaqtinchalik to‘xtatilgan edi. Shundan buyon Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish hamda o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi Saudiya tomoni bilan mazkur tadbirlar bilan bog‘liq yangilik va jarayonlar borasida muntazam muloqot qilib kelmoqda.

Avval xabar berib o‘tganimizdek, Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligi o‘zining rasmiy internet nashrlari orqali taqdim etgan maʼlumotlarga ko‘ra, Umra ziyorati to‘rt bosqichda, Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vazirligi taklif va tavsiyalari asosida qayta tashkil etishi bayon etilgan. Bugunga qadar Umra tadbirlari 2 ta bosqichda qayta yo‘lga qo‘yildi. Shu yilning 4 oktyabridan birinchi va 18 oktyabridan ikkinchi bosqichlar boshlandi. Hozirgi kunga kelib kunlik ziyoratchilar soni 15 mingtani tashkil etmoqda.

Shuni alohida taʼkidlash kerak, ushbu ikki bosqichda Umra ibodatini ado etuvchilar soni cheklangan bo‘lib, maxsus onlayn navbat dasturi orqali ro‘yxatga olinmoqda va ziyoratchilarning Masjidul Haram hududiga kirishlari tashkiliy ravishda amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Haj va umra vazirligining bayonotida joriy yil 1 noyabridan eʼtiboran, Umra ibodatini ado etish uchun xorijlik ziyoratchilarni qabul qilish nazarda tutilgan edi. Ruxsat etilgan davlatlar ro‘yxati mamlakatlarning epidemiologik holatidan kelib chiqiаb, Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan shakllantirilishi alohida taʼkidlangan.

Shu o‘rinda, internet saytlari va ijtimoiy tarmoq sahifalarida joriy yil 1 noyabr kunidan eʼtiboran, xorijiy ziyoratchilarga Umra uchun ruxsat berilmoqda, mazmunida tarqalgan xabarga oydinlik kiritib o‘tish lozim. 1 noyabr kunidan xorijiy fuqarolarga ruxsat berish yuzasidan bildirilgan Haj va umra vazirligi bayonotida Umra ibodatiga keluvchilar uchun bir qancha shart va talablar belgilab qo‘yilgan.

Jumladan, unda Umra ziyoratchisining yoshi 18 dan 50 yoshgacha bo‘lishi (Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog‘liqni saqlash vazirligi taklifiga ko‘ra), koronavirusdan holi ekanini isbоtlovchi manfiy PZR test tahlili natijasini taqdim etishi, ushbu tahlil javobi 72 soat ichida olingan bo‘lishi va ishonchli laboratoriyada amalga oshirilishi zarurligi, "Umra qildik" dasturi orqali (Ikki Haramga kirish uchun onlayn navbat) ro‘yxatdan o‘tib, onlayn tartibga ko‘ra, Umra ibodatini ado etishi, Masjidul Haromda namoz o‘qishi, Masjidun Nabaviyni ziyorat qilishi va Ravzai sharifda namoz o‘qishi bilan bog‘liq rejali ishlar uchun oldindan buyurtma berishi, Saudiya Arabistoniga yetib kelgandan so‘ng belgilangan mehmonxonada 3 kun karantinda bo‘lishi va boshqa shu kabi talablar belgilangan.

Shuningdek, Saudiya mutasaddi idoralari tomonidan epidemiologik holat bo‘yicha Umra ziyoratini tashkil etish uchun ruxsat etilgan davlatlar ro‘yxati alohida eʼlon qilinishi qayd qilingan.

O‘z navbatida, Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi Saudiya Arabistoni rasmiylari bilan mazkur masalalar bo‘yicha belgilangan karantin talablari asosida Umra ziyoratini tashkil etish yuzasidan muzokaralar o‘tkazmoqda.

Shuningdek, ushbu tadbirlarni tashkil etishga vakolatli tashkilot – O‘zbekiston musulmonlari idorasi yurtdoshlarimizning to‘liq tibbiy xavfsizligini taʼminlagan holda, rasmiy, ishonchli, xavfsiz va qulay Umra xizmatlarini taqdim etish ustida hamkorlar bilan jadal ish olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, Umra safari bilan bog‘liq yakuniy qarorlar yuzasidan tez kunlarda rasmiy bayonot beriladi», deyiladi xabarnomada.

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Britaniya farmatsevtlari ...

Britaniyaning «Crown Agents» kompaniyasi bilan onlayn muzokaralar o‘tkazildi

Tashqi ishlar vazirining maslahatchisi ...

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakatimiz fuqaroligiga qabul qilishda d...

Janubiy Koreyaning NamdoNews vebportali ...

Kvangju shahrida yaqinda ochilgan Janubiy Koreyadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi faoliyati...

So`nggi yangiliklar