28/Iyun/2022 Konstitutsiyaviy islohotlar
VLADIVOSTOK, 28-iyun. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 25 iyun kuni eʼlon qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini Rossiya Federatsiyasi “Butunjahon o‘zbek birlashmalari kongressi” Mintaqalararo ijtimoiy tashkiloti raisi Rahim Islomov “Dunyo” axborot agentligiga bergan intervyusida quyidagicha izohladi:
– Men Xabarovsk shahrida bir necha yillardan buyon istiqomat qilib kelmoqdaman. Hozirgi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha o‘zgarishlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali va bevosita kuzatib boraman.
Bugungi dolzarb globallashuv jarayonida Konstitutsiyaviy islohotlarning amalga oshirilishi, avvalambor, xalq manfaati, uning farovon hayotini taʼminlashga xizmat qilishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bilan tanishib chiqar ekanman, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan chet elda yurgan fuqarolarga ham juda katta eʼtibor qaratilayotganiga yana bir bor amin bo‘ldim.
Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlarni, albatta, referendum orqali tashkil etilishini qo‘llab-quvatlagan holda, mazkur jarayonda barcha vatandoshlarimizni faol bo‘lishga chaqirib qolaman!