Uz / Ўз Ru En

Toshkent

09/Aprel/2021   Sanalar

Xalq ichidan chiqqan qahramon


9 aprel — Amir Temur tavallud topgan kun

Sohibqiron Amir Temur Ko‘ragon qurgan buyuk davlat va uning vorislari bo‘lgan temuriylar saltanati jahon tarixida ulkan iz qoldirganligi bilan alohida ahamiyatga ega. Bu sulola vakillari salkam besh yuz yil davomida yurt boshqardi, jahon tarixiga munosib shaklu shamoyil berishda, dunyo madaniyatini rivojlantirishda ulkan sa’y-harakatlar ko‘rgizib, jumla mo‘’minni, bashariyatni hayratga soldi. Tarixda bemisl hodisaga aylangan bu olamshumul hayrat hali-hanuz davom etib kelmoqda va intiho bilmayajakdir.

Amir Temur qanday yo‘sinda shunday davlatni barpo qilishga erishdi? Bu davlat tep-tekis joyda paydo bo‘ldimi? Uning sarchashmalari qayerdan boshlanadi?.. Bu savollarga javob berish uchun Amir Temurning davlat boshiga kelishi tarixini ko‘zdan kechirishimiz lozim bo‘ladi. Albatta, Sohibqironga buyuk bobolarimiz, ajdodlarimiz tajribalari katta ko‘mak bergan. Allomalarimizning purhikmat risolalari, podsholarimizning parvoz va inqirozlari sabablari, sarkardalarning jang rusumlari, davlatlarning qonun-qoidalari, to‘ra-tuzuklari — barcha-barchasi Sohibqironning aqlini to‘lishtirgan, tafakkurini boyitgan omillar edi. Ular bilan tanishish, teran o‘qib-o‘rganish havas qilsa arzigulik samaralar berdi.

Davlatni bunyod qilish, tuzish, uni ma’lum to‘ra-tuzuk asosida boshqarish borasida Amir Temur qo‘llagan tajribalar diqqatga sazovordir. Bu uning bilimga o‘ta chanqoq ekanini, chanqoqlikka ham o‘zi mutolaa qilib, ham ziyoli kishilar suhbatlaridan bahra olib, ham chechan qissaxon Mavlono Ubayd hikoyalariga quloq berib erishganini ko‘rsatadi. Bilim olmoq yaxshi, biroq olingan bilimni o‘z tajriba korxonasidan o‘tkazib, hayotiy xulosalar chiqarish, uni hayotga tatbiq eta bilish, amalda ko‘rsatish muhimroqdir.

U o‘zining mashhur “Tuzuklar”ida shunday yozadi: “...Saltanat qurish, davlat tutish ishlarini bir necha tuzukka bog‘ladim va saltanatni boshqarish haqida qo‘llanma (das tur ul-amal) yozib qoldirdim, toki farzandlarim va avlodimdan bo‘lganlarning har biri unga muvofiq ish yuritsin... Toki mendan ularga yetadigan davlat va saltanat zararu tanazzuldan omon bo‘lgay...” .

Ma’lumki, Sharqda odil podsho, saodatli mamlakat haqidagi orzular qadim-qadimdan yashab keladi. Tabiiyki, bu haqda allomalarimiz turli risolalar, qo‘llanmalar, pand-nasihatlar va maslahatlarga boy kitoblar yozib qoldirgan.

Chinakam saltanat sohibi bo‘lmoqni istagan, mamlakat masnadida uzoq yillar o‘tirib davron surmoqni xohlagan, millat ravnaqi yo‘lida mashaqqat chekmoqni o‘ziga sharaf deb bilgan arboblar bunday kitoblardan unumli foydalangan.

Ana shunday kitoblardan biri buyuk faylasuf bobomiz, Sharqda “muallimi soniy”, ya’ni “ikkinchi muallim” deb sharaflangan Abu Nasr al-Forobiyning “Fozil shahar kishilarining qarashlari” risolasi hisoblanadi. Uni har jihatdan yetuk shahar kishilarining fikrlari, deb izohlash o‘rinlidir. Ushbu risola juda ko‘p podsholarimizning sevgan kitoblaridan bo‘lganiga shubha yo‘q.

Chunonchi, Samarqanddagi Sarbadorlar hukmdori Abubakr Kalaviyni aytib o‘tamiz. Buyuk bobokalon Abu Nasr al-Forobiy yer yuzida insonlar jamiyati, uning shakli bo‘lgan fozil shahar va fozil shahar boshlig‘i to‘g‘risida yozar ekan, o‘sha boshliq (rais, hokim, umuman, rahbar ma’nosida) o‘zida o‘n ikki xislat — fazilatni mujassam etmog‘i kerak, deydi. U “o‘n ikki” raqamiga urg‘u beradi. So‘ng ushbu fazilatlarni birma-bir ta’riflab chiqadi. Shunisi diqqatga sazovorki, ushbu ta’riflarni o‘qiganda, bevosita Amir Temur siymosi ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi. Go‘yo alloma o‘zidan besh yuz yillar keyin dunyoga keladigan avlodi — Sohibqiron fazilatlarini birma-bir sanab o‘tgandek... To‘g‘rirog‘i, buning sababini Amir Temurning o‘sha risolani o‘qib, risoladagidek fozil rais, odil podsho bo‘lishga harakat qilganidandir, deb bilmoq joiz. Uni odillikka undagan fazilatlarga to‘xtalib o‘tsak.

Buyuk donishmand faylasuf Al-Forobiy “Fozil shahar kishilarining qarashlari” risolasida yozishicha:

fozil rais dastavval to‘rt muchasi sog‘ bo‘lsin, har ishningki ilgini tutsa, malolsiz ado eta olsin;

— ikkinchidan, tabiatan nozik, farosatli, ziyrak ekanligi tufayli suhbatdosh (raiyat)ning so‘zu fikrlarini tez ilg‘ab oladigan bo‘lsin;

— uchinchidan, ko‘rgan-eshitgan narsalarini hamisha xotira ko‘zgusida saqlay olsin;

— to‘rtinchidan, idroki pok, zehni o‘tkir, zukkobo‘lsin;

— beshinchidan, o‘z fikrini o‘zgaga ravshan tushuntira olsin, lafzi tiniq va ravon bo‘lsin;

— oltinchidan, bilimu ma’rifatga mehr qo‘ysin, toliqish nima bilmasin, o‘rganish zahmatlaridan zinhor qochmasin;

— yettinchidan, taom, may, ayollar bobida sabr-qanoatli bo‘lsin, qimordan qochsun, uning rohat-farog‘atidan irgansin;

— sakkizinchidan, haqiqatni ardoqlasin, uning tarafdorlarini olqishlasin, yolg‘onning betiga qaramasin;

— to‘qqizinchidan, qalbi mag‘rur bo‘lsin, o‘z obro‘sining qadriga yetsin, nomus-oriyatli ekanligini unutmasin, bilsinkim, uning qalbi tabiatan razil ishlardan yuksakda turadir, illo, olijanob ishlar uchun yaratilgandir;

— o‘ninchidan, dirham, dinor singari turmushning turfa afzalliklaridan nafratlansin, mol-dunyo ketidan quvmasin;

— o‘n birinchidan, adolatni sevsin, nafrat o‘qini zolimlarga qaratsin, o‘z odamlariga ham,o‘zgalarga ham bir xilda boqsin, barchani odillikka chaqirsin, nohaqlik tufayli yetgan ziyonni sobitqadamlik bilan undirib bersin, odil bo‘lsin, vale, qaysar bo‘lmasin, haq oldida o‘zboshimchalik, o‘jarlikka erk bermasin, ammo har turli bedodlik va qabihlik qoshida irodasining shijoatli kuchini ayon qilsin;

va nihoyat, o‘n ikkinchidan, biron-bir yumushga ilik sunsa (ya’ni biron ishni boshlasa), o‘sha ishni qilmakni zarur topgan bo‘lsa, bas, jur’atli, qat’iyatli bo‘lsin, minba’d qo‘rqib-pisib qolmasin, jasurligin ayon etsin, shiddat ko‘rgizsin…

Komil insonga qo‘yiladigan ushbu fazilatlar ta’rifini birma-bir Amir Temur hayoti pillapoyalarini kuzatgan holda, muqoyasa qilib ko‘rilsa, ajoyib manzaralar namoyon bo‘lishi, shubhasiz. Ular mujassamini Amir Temur siymosida ko‘ra olamiz. Sohibqiron uzugida “Kuch adolatdadir” so‘zlari naqsh qilinmish edi. “Zolimlardan mazlumlar haqini oldim”, deydi o‘z “Tuzuklar”ida.

Yaxshisi, Amir Temur shaxsiga ochiqchasiga g‘araz bilan yondashuvchi arab tarixchisi Ibn Arabshohning quyidagi ta’rifiga diqqat qilaylik: “...(Amir) Temur qanchadan-qancha daho va xufiyona fikru zakovatga ega edi... (Amir)Temur tengi yo‘q fe’l-atvorli, chuqur mulohazali kishi bo‘lib, uning tafakkur dengizining qa’ri yo‘q… (Amir) Temur baland qadli, uzun bo‘yli, tik qomatli, go‘yo qadimiy pahlavonlar avlodlaridan bo‘lib, keng peshonali, katta boshli, g‘oyatda kuchli va salobatli, ajoyib bo‘lalik, rangi oqu qizil yuzli, lekin dog‘siz, bug‘doy rang emas, qo‘l-oyoqlari baquvvat, yelkalari keng, barmoqlari yo‘g‘on, poychalari semiz, qaddi-qomati kamoliga yetgan, sersoqol, o‘ng oyoq-qo‘li cho‘loq va shol, ikki ko‘zi bamisoli ikki shamdek bo‘lsa-da, shodligi bilinmas, ovozi yo‘g‘on edi; u o‘limdan qo‘rqmas, yoshi yetmishga yetgan bo‘lsa-da, iztirobsiz, vazmin, badani to‘la va pishiq, huddi zich (qalin) tosh misoli qattiq edi. U hazil-mazax, yolg‘onni yoqtirmas, o‘yin-kulgiyu ko‘ngilxushlikka maylsiz, garchi so‘zda o‘ziga ozor yetadigan biror narsa bo‘lsa hamki, sadoqat unga yoqaredi; u bo‘lib o‘tgan ishga aziyat chekmas va o‘ziga hosil bo‘ladigan yutuqdan shodlanmas edi... Ko‘pincha uning majlisida uyatsiz so‘zlar, qon to‘kish, sirolish, naqbu g‘orat qilish va haram haqiga haqorat gaplar bo‘lmasdi. U bexato (nishonga urguvchi) fikrli, ajoyib farosatli, mislsiz darajada baxtli, ulug‘vorligi o‘ziga muvofiq, qat’iy azm bilan so‘zlovchi, boshiga kulfat tushganda ham haqgo‘y kishi edi...” .

Bu Ibn Arabshoh, zikr etilganidek, g‘arazgo‘y tarixchining ta’rifi ekanini nazarda tutsak, Amir yemurning komil inson sifatida Abu Nasral-Forobiy qo‘ygan talablarga to‘la javob bera olishini anglaymiz. Rostdan ham, faylasuf keltirgan mukammal inson ta’rifi va Sohibqironni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan muarrixning tasvirlari bir-biriga bag‘oyat mos keladi.

Garchi biron yerda Amir Temurning ushbu kitobga munosabati haqida eslatilmagan esa-da, Sohibqiron ham yuqoridagi fikrdan mustasno emas, u bu kitob bilan tanish, degan xayolga boradi kishi. Zero, ohibqiron ham o‘z “Tuzuk lar”ida “o‘n ikki” raqamiga ko‘p diqqat qiladi, “o‘n ikki toifa”, “o‘n ikki tuzuk”, “o‘n ikki burj”, “o‘n ikki oy”, “o‘n ikki amir” qabilida iboralarni ishlatadi.

“Temur tuzuklari”ni varaqlaganda, Sohibqironning “Fozil shahar kishilarining qarashlari” kitobidan boxabar ekanini isbotlovchi yana bir holni kuzatish mumkin. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Amir Temur ham “o‘n ikki” raqamini yaxshi ko‘radi. “Men, — deydi u, — o‘n ikki narsani o‘zimga shior qilib olib, altanat martabasiga erishdim…”. Hayratlanadigan joyi shundaki, “Saltanatni o‘z erkimda saqlash tuzugim” bobidagi juda ko‘p nuqtalar Abu Nasr al-Forobiy orzu qilgan fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketadi.

Masalan, podshoh o‘z so‘ziga ega bo‘lishi lozim, har narsada adolatpesha bo‘lishi kerak, adolatli vazirlar saqlashi darkor va hokazo. “Uchinchidan, hech kimdan o‘ch olish payida bo‘lmadim, — deydi Sohibqiron. — To‘rtinchidan, ochiq yuzlilik, rahmshafqat bilan xalqni o‘zimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroqda bo‘lishga intildim” .

“Saltanat korxonasining tuzugi”ni tuzar ekan, saltanat kishilarini o‘n ikki toifaga bo‘ladi va har bir toifaning ta’rifini keltirib, vazifalarini belgilab chiqadi.

Sayyidlar, ulamoyu shayxlar, ehtiyotkor arboblar, duogo‘y kishilar, amirlar, sarhanglar, bahodirlar, vazirlar, devon munshiylari, hakimu tabiblar, munajjimu muhandislar, muqaddisu mashoyixlar, oriflar, hunarmandlar, savdogarlaru sayohatchilar va hokazo kishilar ana shu o‘n ikki toifani tashkil qiladi.

Amir Temur o‘n ikki tabaqa va toifadagi kishilar bilan mamlakatlarni zabt etganini ta’kidlaydi, agar har qanday podsho ham shu o‘n ikki narsaga ega bo‘lmas ekan, saltanatdan bebahra qolishini uqtiradi. Albatta, bunday ishlarni faqat Abu Nasr al-Forobiy aytganidek, o‘n ikki fazilatga ega bo‘lgan komil insongina amalga oshirishi mumkin. Amir Temur ana shunday ulug‘ zot edi.

Yurt boshiga kelishdan avval, Amir Temur ajdodlar tajribasini chuqur egallab, saltanatni puxta tuzilgan tuzuk va nizomlar asosida boshqarish sirlarini o‘rgangan edi. Amir Temur davlati tep-tekis yerda paydo bo‘lmadi,balki o‘tmishda chuqur iz qoldirgan davlatlarimiz davomchisi sifatida bo‘y-bast ko‘rsatdi, o‘zbek davlatchiligining yuksak cho‘qqisi sifatida namoyon bo‘ldi. Podsholik og‘ir mehnat ekanini anglab yetgan Sohibqiron azmu jazm bilan ish tutib qudratli davlat barpo etdi.

Buni Sohibqiron “Tuzuklar”da, “Saltanat to‘nini kiygach, tinchligu sog‘lig‘im ketdi, o‘z to‘shagimda rohatda uxlash huzur-halovatidan voz kechdim...”, degan samimiy so‘zlar bilan ifodalaydi.

Sohibqiron Amir Temur mulku millat yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan chinakam asl qahramondir. U xon avlodi emas, xalqdan chiqqan va buyuk davlat tuzgan buyuk arbob. Bunday siymoni tarbiyalab voyaga yetkazgan xalq esa ulug‘ xalq, deb atalishga loyiqdir.


Muhammad ALI,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi.
(“Yangi O‘zbekiston” gazetasi,
2021 yil 9 aprel).

Mavzuga oid

7 aprel — Butunjahon salomatlik kuni

Bugun Butunjahon salomatlik kuni

Bobur jahon tarixida kuchli madaniy alma...

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Milliy gvardiya Harbiy texnika instituti tomon...

Fransiyadan munosabat: Luvr muzeyidagi B...

Buyuk adib, shoir, yirik davlat arbobi va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining...

So`nggi yangiliklar