10/Mart/2021 Iqtisodiyot
TOSHKЕNT, 10 mart. /«Dunyo» AA/. Bugun Toshkentdagi “Vindxam” mehmonxonasida AQSHning global media Agentligi (U.S. Agency for Global Media) tomonidan O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari uchun tashkil etilgan to‘rt kunlik seminar-trening o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbirlari Muzaffar Komilov va Jobir Xo‘jaqulov.
Iqtisodiy jurnalistika asoslari bo‘yicha ukrainalik moderator va xalqaro murabbiy Oleg Xomenok dastlabki ma’ruza bilan chiqish qildi. Iqtisodiy mavzuda maqola, reportaj yoki qisqa xabar tayyorlashda jurnalist axborotning aniqligiga alohida e’tibor qaratishi va qonuniy manbalarga tayanishi lozimligi urg‘ulandi.
Shuningdek, kunning birinchi yarmida moliyaviy-iqtisodiy va soliq masalalariga doir yangiliklarni yoritishning muhim jihatlari va ahamiyati muhokama qilindi.
Seminar-trening 13 martgacha davom etadi.