04/Mart/2021 Madaniyat
TOShKENT, 4 mart. /«Dunyo» AA/. Qirg‘iziston madaniyat xodimlari “Ichan-qal'a”da ko‘rgazmalar namoyish etish, o‘zaro tajriba almashish maqsadida Xivaga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri Madaniyat vazirligi ma'lumotiga tayanib.
Keyingi yillarda barcha sohada bo‘lgani singari madaniyat sohasida ham xalqaro aloqalar tobora mustahkamlanmoqda. 2020 yil oktyabr' oyida “Ichan-qal'a” davlat muzey - qo‘riqxonasi va O‘sh viloyatidagi “Sulaymon tog‘” tarixiy-arxeologik muzey majmuasi o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolagan edi.
Ushbu hujjatda ko‘zda tutilgan tadbirlar doirasida qirg‘izistonlik mehmonlar “Ichan-qal'a”da ko‘rgazmalar namoyish etish, o‘zaro tajriba almashish maqsadida Xivaga tashrif buyurdi.
Muzey-qo‘riqxona hududidagi Toshhovli saroyida “Sulaymon tog‘ - butunjahon merosi ob'ekti” nomli ko‘rgazma ochildi.
Ko‘rgazmadan o‘rin olgan eksponatlar, turli foto va tasviriy san'at namunalari Xivaga tashrif buyurgan xorijiy hamda mahalliy sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Madaniy aloqalar har ikki muzey xodimlarining o‘zaro tajriba almashinuviga, soha rivoji, millatlararo do‘stlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.