Uz / Ўз Ru En

Toshkent

13/Aprel/2021   Siyosat

Xorijda moliyaviy qiiynchilikka duch kelgan vatandoshlarga dilomatik vakolatxonalar qarz beradi


TOSHKENT, 13-aprel. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablag‘larsiz qolgan taqdirda, moliyaviy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA muxbiri Jobir Xo‘jaqulov.

Qarorga binoan, O‘zbekiston fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablag‘larsiz qolgan taqdirda moliyaviy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Moliya vazirligi mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan xorijiy davlat hududida yashash uchun mablag‘larsiz qolgan fuqarolarga moliyaviy yordam ko‘rsatish xarajatlarini 2021 yilda Tashqi ishlar vazirligining asoslangan so‘roviga asosan xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalariga qo‘shimcha ravishda ajratadi.

Nizom bilan O‘zbekiston fuqarolariga xorijiy davlat hududida yashash uchun mablag‘larsiz qolgan taqdirda, ularning mamlakatga qaytib kelishini ta’minlash uchun O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan moliyaviy yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi.

Moliyaviy yordam ko‘rsatish tartibi va uni qaytarish shartlari quyidagilardan iborat:

-Moliyaviy yordam olish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi xorijdagi muassasaga quyidagi hujjatlar bilan murojaat qiladi:

-xorijiy davlat xududida yashash uchun mablag‘larsiz qolganlik sabablari aniq bayon etilgan xorijdagi muassasaning rahbari nomiga ariza (o‘zi, agar mavjud bo‘lsa xotini (eri), voyaga yetmagan farzandlari, shuningdek, uning qonuniy vakilligi ostidagi boshqa O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ko‘rsatiladi);

-ushbu fuqaroning shaxsini va O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligini tasdiqlovchi hujjat yoki O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlari tomonidan berilgan boshqa rasmiy hujjat;

-xotini (eri) va farzandlari o‘rtasidagi qarindoshligini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek, uning kuzatuvidagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga bo‘lgan qonuniy vakillikni tasdiqlovchi hujjat (agar mavjud bo‘lsa);

-moliyaviy yordam so‘rab murojaat qilish holatiga aloqador xorijiy davlat hududidagi vakolatli organlar va muassasalar tomonidan berilgan rasmiy hujjat (agar mavjud bo‘lsa).

O‘zbekiston fuqarosining shaxsini va fuqarolikka mansubligini tasdiqlovchi hujjatlar yo‘qotib qo‘yilgan bo‘lsa yoki bunday hujjat mavjud bo‘lmasa, moliyaviy yordam berish bo‘yicha ariza uning shaxsi va O‘zbekiston fuqaroligiga mansubligi tasdiqlangandan so‘ng qabul qilinadi.

O‘zbekiston fuqarosining arizasi xorijdagi muassasada bir ish kuni ichida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Konsullik mansabdor shaxsi fuqaro tomonidan takdim etilgan hujjatlarni o‘rganish asosida bir ish kuni mobaynida moliyaviy yordam ko‘rsatish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa tayyorlaydi va zarur hujjatlar bilan birgalikda uni Tashqi ishlar vazirligiga tasdiqlash uchun jo‘natadi.

Tashqi ishlar vazirligi fuqaroga moliyaviy yordam ko‘rsatish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi hujjatlarni va konsullik mansabdor shaxsining xulosasini bir ish kuni mobaynida konsullik muassasasiga moliyaviy yordam ko‘rsatish yoki rad etish to‘g‘risida xat yuboradi.

O‘zbekiston fuqarosining moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish va kelishish tartib-taomillari konsullik mansabdor shaxsi tomonidan zarur bo‘lgan hujjatlar qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida amalga oshirilishi shart.

Moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi arizasi ijobiy ko‘rib chiqilganidan so‘ng konsullik muassasasi va fuqaro o‘rtasida qarz shartnomasi tuziladi.

Unga ko‘ra, xorijdagi muassasadan moliyaviy yordam olgan shaxs ushbu mablag‘larning o‘rnini moliyaviy yordamni olgan kundan e’tiboran o‘ttiz kun muddatda qoplash majburiyatini oladi.

Xorijdagi muassasa tomonidan ko‘rsatilgan moliyaviy yordam summasi O‘zbekiston hududida qaytarilgan taqdirda tuzilgan qarz shartnomasida ko‘rsatib o‘tilgan O‘zbekiston Respublika byudjeti “boshqa daromadlar turlariga kirim qilish” g‘azna hisobvarag‘iga, respublika hududidan tashqarida qaytarilganda, qarz shartnomasida ko‘rsatib o‘tilgan xorijdagi muassasaning kassasiga qaytariladi.

Xorijdagi muassasa tomonidan ko‘rsatilgan moliyaviy yordam summasi belgilangan muddat ichida qaytarilmagan taqdirda, konsullik mansabdor shaxsi Tashqi ishlar vazirligiga ushbu Nizomga muvofiq ijro xati taqdim etadi.

Ijro xati Tashqi ishlar vazirligi tomonidan belgilangan tartibda qarzdorlikni majburiy undirish uchun Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga taqdimnoma kiritish huquqiga ega.

Shu o‘rinda moliyaviy yordam ko‘rsatish qanday hollarda rad etilishi mumkin degan savol paydo bo‘lishi tabiiy.

Hukumat nizomida bu boradagi savollarga ham aniq javoblar berilgan.

Unga ko‘ra:

-O‘zbekiston fuqarosi konsullik okrugi hududiga qonunga xilof ravishda kirgan bo‘lsa;

-xorijdagi muassasa joylashgan davlat sudining (vakolatli organining) bajarilmagan shartnoma majburiyatlari mavjudligi yoki boshqa asoslar munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chiqib ketishiga taqiq to‘g‘risidagi qaror mavjud bo‘lsa;

-moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qilinishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlar yashirilgan yoki bila turib yolg‘on ma’lumotlar taqdim etilgan bo‘lsa;

-ilgari olingan mablag‘larning o‘rnini qoplash bo‘yicha bajarilmagan majburiyatlar mavjud bo‘lgan taqdirda ariza rad etiladi.

Moliyaviy yordam ko‘rsatish rad qilingan holatlarda konsullik mansabdor shaxsi ariza qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida ariza beruvchiga rad etishning asoslangan sabablarini ko‘rsatishi kerak.

Moliyaviy yordam O‘zbekiston fuqarosi va uning mamlakatimiz fuqarosi bo‘lgan oila a’zolarini O‘zbekistonga qaytib ketishini ta’minlashga, hayot uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim- kechaklarni sotib olish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini olish, respublikaga chiqib ketish uchun kutish vaqtida turar joyga, yurtimizga qaytib kelish uchun transport chiptalari sotib olish uchun ko‘rsatiladi.

Mazkur nizom talablari Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 martdagi qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy davlatlar xududida favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan O‘zbekiston fuqarolariga yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomda hamda 2018 yil 12 sentyabrdagi qaror bilan tasdiqlangan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilgan holatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Mavzuga oid

Qoraqalpog‘iston tibbiyot institutini ta...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

"Markaziy Osiyo + Yaponiya" muloqotida i...

Abdulaziz Komilov 2020 yil 11 avgust kuni “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti ishtirokchi...

O‘zbekistonda epidemiya qoidalarini buzi...

Senatning sakkizinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘...

So`nggi yangiliklar