19/Iyun/2020 Iqtisodiy diplomatiya
TOSHKENT, 19 iyun. /“Dunyo” AA/. Jeneva shahrida BMTning Yevropa Iqtisodiy komissiyasining tijorat standartlari bo‘yicha 67-sessiyasi videokonferensiya tarzda bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston, shuningdek, AQSh, Germaniya, Polsha, Turkiya, Gretsiya kabi davlatlar, oziq-ovqat yo‘nalishi bo‘yicha qator xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Mazkur xalqaro yig‘ilishda quruq va quritilgan mevalar bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan yangi tijorat standartlari va ularga qo‘shimchalar kiritish masalalari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Markaziy Osiyo ishchi guruhi tomonidan quritilgan xurmo, o‘rik danagi, yeryong‘oq mahsulotlari uchun ishlab chiqilgan yangi standart loyihalari komissiyaga taqdim etildi. Bu Markaziy Osiyo mintaqasida yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun YeEK OON turkumidagi tijorat standartlari ishlab chiqish, amaldagi standartlarga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish ishlari doirasida amalga oshirildi.
Ushbu loyihalar komissiya tomonidan ijobiy qabul qilindi, mutaxassislar tomonidan takliflar berildi hamda Yevropa Iqtisodiy komissiyasi qabul qilgan tartibiga ko‘ra, bir yil muddatda standartlarni bevosita amaliyotda sinash bo‘yicha tavsiyalar berildi.