Uz / Ўз Ru En

Toshkent

24/Yanvar/2022   Jamiyat

Yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish vazifalari belgilandi

TOSHKЕNT, 24-yanvar. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Prezidentining «Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.


Yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish maqsadida har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etiladi. 

Quyidagilar yoshlar yetakchisining asosiy vazifalari etib belgilandi:

-yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni «Yoshlar daftari» va «Yoshlar portali» elektron platformalariga kiritib borish, ular bilan samarali ishlarni tashkil qilish;

-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish;

-yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish;

-yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash;

-huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash.

Yetakchilar o‘ziga biriktirilgan mahallalarda maqom, baxshichilik va estrada bo‘yicha tanlovlarni, «Kamalak yulduzlari» bolalar ijodiyot festivalini o‘tkazadi, shuningdek, mini-futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, velosport, yugurish, shaxmat, shashka, badminton, kamondan otish bo‘yicha musobaqalarni tashkil etadi, salomatlik uchun 5 000 qadam yurish marafoni hamda «Yosh ekolog» aksiyasini o‘tkazadi.

Har chorakda mahallada yoshlar siyosatini samarali amalga oshirishda yuqori natijadorlikka erishayotgan mamlakat bo‘yicha eng ilg‘or 100 nafar yetakchilar bir oylik ish haqiga teng miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi. 
Belgilanishicha:

-yoshlar masalalari bilan shug‘ullanish va hududlarda ushbu faoliyatni muvofiqlashtirish shaxsan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tumanlar (shaharlar) hokimlari tomonidan amalga oshiriladi;

-yetakchilarning hamda Yoshlar ishlari agentligining mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash bo‘linmalari xodimlarining shtat birliklari umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi 10 008 nafar yoshlar yetakchilari shtat birliklarini qisqartirish hisobidan shakllantiriladi;

-yetakchi lavozimiga nomzodlar tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalarini shakllantirish orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi;

-yetakchi lavozimiga yoshlar bilan ishlash tajribasiga ega, yoshlarni ergashtira oladigan, shaxsiy fazilatlari bilan namuna ko‘rsatgan, fidoyi, sadoqatli va vatanparvar nomzodlar tayinlanadi.

Yetakchining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilandi:

-500 tagacha– MHEKMning 5 baravari miqdorida;

-501 tadan 1 000 tagacha– MHEKMning 5,5 baravari miqdorida;

-1 000 tadan ortiq– MHEKMning 6 baravari miqdorida.

Yoshlar ishlari agentligiga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, yetakchilarni har chorak yakuni bo‘yicha oylik ish haqining 50%igacha miqdorda mukofotlash huquqi berildi. Bundan tashqari, boshqa hududda o‘z faoliyatini olib borayotgan yetakchi uchun BHMning 2 baravarigacha bo‘lgan miqdorda turar joy ijara to‘lovi qoplab beriladi.

Yil yakuni bo‘yicha o‘ziga biriktirilgan hududda yuqori natijalarga erishgan yetakchilarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50%i miqdorida subsidiya beriladi.

Mavzuga oid

YUNISЕF vakili O‘zbek tili bayrami munos...

YUNISЕFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammadzoda 21 oktabr – O‘zbek tili...

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar va...

«Ozodlik.org» internet saytida «Mahbuslarni qamoqda qiynagani ortidan qamalgan «Palach»nin...

Toshkent metropoliteni uchun yangi poye...

2022 yilda Toshkent metropoliteni Rossiyadan 14 ta yangi poyezd sotib oladi

So`nggi yangiliklar