Uz / Ўз Ru En

Toshkent

18/Noyabr/2020   Madaniyat

2021 yil AQSHda boburiylar tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etiladi


VASHINGTON, 18-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Smitson Osiyo sanʼati milliy muzeyi Frir va Sakler sanʼat galereyalari direktorining katta o‘rinbosari Masume Farhod bilan videokonferensaloqa shaklida muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, Masume Farhod O‘zbekiston Prezidentining Frir va Sakler sanʼat galereyalariga tashrifini samimiyat bilan esga oldi va mazkur tashrif muzey tarixidagi muhim voqea bo‘lganini taʼkidladi.

«O‘zbekiston Prezidentiga o‘z kolleksiyalarimizni taqdim etish biz uchun katta sharaf bo‘ldi va menda davlat rahbari tomonidan ikat tarixiy ildizlari va Markaziy Osiyoning qadimiy asoori-atiqalariga berilgan ahamiyat katta taassurot qoldirdi», - dedi u.

Frir va Sakler galereyalari 1846 yil tashkil etilgan Smitson institutining tarkibiy qismi hisoblanadi. Institut Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi 20 ga yaqin muzey va majmuani birlashtirgan dunyodagi eng yirik tadqiqot va taʼlim muassasalaridan biridir.

Masume Farhod Markaziy Osiyo mamlakatlari, shu jumladan, O‘zbekiston bilan samarali hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdorligini izhor qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika tomoni o‘zbek xalqining boy madaniyati va bebaho madaniy merosini keng jamoatchilik orasida targ‘ib qilish bo‘yicha yaqin hamkorlikka intilmoqda.

Uchrashuvda 2021 yil Vashingtonda boburiylar sulolasi va ularning jahon sivilizatsiyasi rivojidagi roliga bag‘ishlangan ko‘rgazmani tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Masume Farhod O‘zbekistonning ushbu tadbirda faol ishtirok etish, shu jumladan ko‘rgazma tarkibini mamlakatimizdan yetkazib beriladigan eksponatlar va ilmiy asarlar bilan to‘ldirishga tayyorligini mamnuniyat bilan olqishladi.

Ko‘rgazma doirasida boburiylar sulolasi (1526-1857 yillar), “Boburnoma” kitobi, Boburning sanʼat rivoji va rag‘batlantirishidagi o‘rni, o‘sha davr rasmlari, Frir va Sakler galereyalari to‘plamlaridagi qo‘lyozmalar, shuningdek, hukmdorlarga tegishli tarixiy hujjatlar va ular yaratgan bog‘lar meʼmorchiligiga asosiy eʼtibor qaratilishi rejalashtirilmoqda.

Tadbir doirasida, shuningdek, O‘zbekiston tarixi, madaniyati va zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan alohida taqdimot tashkil etish ko‘zda tutilgan. O‘zbek xalqining buyuk mutafakkirlari ilmiy merosini chuqur o‘rganish, bag‘rikeng islom dinini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlarning mohiyati va ahamiyatini ochib berish ham maqsad qilingan.

Masume Farhod bo‘lajak ko‘rgazmaning muhimligini taʼkidlab, «mamlakat tarixini bilish uning zamonaviy taraqqiyotini yana-da chuqurroq anglashga yordam beradi», - deb qayd etdi.

Mavzuga oid

O‘zbekistonlik geymerlar turnirda ishtir...

“ASUS” transmilliy kompaniyasi tomonidan “ROG Community CUP” havaskorlari o‘rtasida “CS:GO...

O‘mondan munosabat: Muqaddas Ramazon oyi...

O‘mon Sultonligining «Oman Observer» gazetasida O‘zbekistonda Ramazon oyining nishonlanish...

Aktrisa Bahora Arslonova: Odatda, har yi...

Taniqli aktrisa Bahora Arslonova Yangi yil bayrami arafasida “Dunyo” AA muxbiri savollarig...

So`nggi yangiliklar