Uz / Ўз Ru En

Toshkent

07/Dekabr/2021   Media

2023 yilda YUNVTO Bosh assambleyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishi Hindiston OAV diqqat markazida


DEHLI, 7 dekabr. /“Dunyo” AA/. Samarqand shahri nomzodining 2023 yilda BMT qoshidagi Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) Bosh assambleyasi 25-sessiyasini o‘tkazish uchun o‘tkazilgan saylovdagi g‘alabasi Hindiston ommaviy axborot vositalari, xususan, “International Affairs Review”, “Sarkaritel”, “Travel Wold Online” va “Diplomacy India” saytlarida keng yoritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrlar Madrid shahrida bo‘lib o‘tgan YUNVTOning 24-sessiyasi doirasida 2023 yilda YUNVTO Bosh assambleyasini o‘tkazish uchun O‘zbekiston va Portugaliya daʼvogarlik qilganini maʼlum qilgan. Tadbir yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston yaqqol ustunlik bilan ko‘pchilik ovoz to‘plab, 2023 yilgi Bosh assambleyani qadimiy Samarqand shahrida o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritdi.

Maqolada taʼkidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda turizm sohasi milliy iqtisodiyotning eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri bo‘lib kelayotgani O‘zbekiston Prezidenti, hukumatining farmon va qarorlari darajasida 86 dan ortiq meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning qabul qilingani bilan ham o‘z tasdig‘ini topmoqda. Ushbu hujjatlar institutsional asoslarni takomillashtirish, infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, turizm sohasida qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish va boshqalarga qaratilgan.

Samarqand 2001 yilda YUNESKOning Butunjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan. Shahar ko‘p asrlar davomida Markaziy Osiyo mintaqasida savdo, fan va madaniyat markazi sifatida gullab-yashnagan. Bugungi kunda Samarqand zamonaviy O‘zbekistonning muhim markazi bo‘lib qolmoqda.

2020 yilda O‘zbekiston “Travel + Leisure India‘s Best Awards” tomonidan “Eng yaxshi rivojlanayotgan turizm yo‘nalishi” nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi, shuningdek, “The Huffington post”” onlayn-nashrida Samarqand shahri sayyohlar tashrif buyurishi tavsiya etilgan eng yaxshi 50 ta shahar qatoriga kiritilgan, deyiladi nashrda.

Samarqandda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish, transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash, tashrif buyuruvchilar, jumladan, imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahardagi eshkak eshish kanali qirg‘og‘ida 212 gektar maydonda “Samarqand sayyohlik markazi” qad ko‘tarmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 353 million dollarga teng. Majmuani 2022 yilning birinchi choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Loyihaga ko‘ra, majmua tarkibida ikki qavatli kongress-markaz, 5 va 4 yulduzli mehmonxonalar, restoranlar, savdo markazlari, amfiteatr, dam olish maskani va boshqa ijtimoiy obyektlar joylashadi. Ayni vaqtda shaharda “Yangi Renessans” kongress-xolli, “Mangu shahar” karvonsaroyi, 8 ta mehmonxona qurilishi davom etmoqda.

Maqola yakunida taʼkidlanishicha, YUNVTO Bosh assambleyasi sessiyasi ikki yilda bir marta o‘tkaziluvchi eng muhim turistik forum bo‘lib, bunday yuqori darajadagi tadbir, yaʼni BMT oilasiga kiruvchi tashkilotlar Bosh assambleyasi anjumani O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid

O‘zbekiston-Germaniya onlayn sammiti nat...

Germaniyaning yetakchi axborot portallarida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Ge...

O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy...

Kuvaytning «Times-Kuwait» ommabop gazetasi va uning veb-sahifasida O‘zbekistonda ijtimoiy ...

Misrdan nigoh: O‘zbekistonda ijtimoiy-si...

Misrda chop etiladigan “Al-Maxrusa al-Axbariya” va “Al-Xabar al-Yaum” nashrlari sahifalari...

So`nggi yangiliklar