Uz / Ўз Ru En

Toshkent

29/Oktabr/2020   Dolzarb

21-oktabr — Afg‘onistonda o‘zbek tili kuni


MOZORI SHARIF, 29-oktabr. /“Dunyo” AA/. Afg‘onistonning Balx viloyati markazi — Mozori Sharif shahrida o‘zbek tili kuni bayrami munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir Balx viloyati maʼmuriyati G‘azanfar jamg‘armasi bilan birgalikda tashkil etildi,  deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xabariga ko‘ra, tadbirda Balx viloyatining yangi tayinlangan gubernatori Farhod Azimiy, sobiq gubernator Muhammad Ishok Rahguzar, viloyat kengashi raisi doktor Afzal Hadid, davlat tuzilmalari rahbarlari, jamoat arboblari, Eron, Turkmaniston, Qozog‘iston va O‘zbekistonning turli fond va konsullik muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Afg‘oniston Prezidentining ijtimoiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha maxsus vakili, taniqli davlat arbobi va Afg‘onistondagi o‘zbek diasporasi faol aʼzosi, marhum Yusuf G‘azanfar xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

Anjmumanda Farhod Azimiy, Afzal Hadid, Muhammad Ishok Rahguzar va viloyat jamoatchiligi vakillari so‘zga chiqdi.

Xususan, viloyat hokimi Farhod Azimiy o‘zbek tili dunyodagi eng qadimiy va boy turkiy tillardan biri ekanini taʼkidladi. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Gavhar Shod Begim va boshqa tarixiy shaxslar, mutafakkir va shoirlarning Afg‘onistonda ilm-fan va madaniyat rivojida muhim o‘rin tutishi alohida qayd etildi.

Farhod Azimiy va Afzal Hadid o‘z chiqishlarida Afg‘onistonda davlat tillaridan biri bo‘lgan o‘zbek tilini Balx viloyatida rivojlantirish uchun zarur saʼy-harakatlarni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil 19 oktyabr kuni Mozori Sharifdagi o‘zbek ziyolilari vakillari ishtirokida ham Firdavsiy kutubxonasida o‘zbek tili bayrami munosabati bilan tantanali brifing tashkil etildi.

Unda Balx viloyati maʼmuriyati, viloyat kengashi, Balx universiteti o‘zbek tili kafedrasi va Mozori Sharifdagi O‘zbekiston konsulligi vakillari ishtirok etdi.

Universitet vakillari o‘z chiqishlari chog‘ida o‘zbek tilining paydo bo‘lishi va rivojlanish tarixi, uning roli haqida batafsil maʼlumotlar taqdim etdi. Shuningdek, Afg‘oniston etnik o‘zbeklari orasida ushbu tilning ahamiyati va o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi. Xususan, ular O‘zbekiston tilshunoslari bilan hamkorlikni kengaytirish va o‘zbek tilining yagona lug‘atini yaratish bo‘yicha qo‘shma ishlarni boshlash zarurligini taʼkidladi.

Balx viloyati gubernatori sobiq o‘rinbosari Shujouddin Shujoning aytishicha, Afg‘oniston parlamenti va hukumatidagi etnik o‘zbeklar vakillarining birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan mamlakatda 21 oktyabr rasmiy o‘zbek tili kuni deb eʼlon qilingan.

Shuningdek, u ilgari mamlakatdagi og‘ir harbiy-siyosiy vaziyatni hisobga olgan holda, yosh avlodni tarbiyalash, shuningdek, ular orasida o‘zbek tilini rivojlantirishga tegishlicha eʼtibor berilmaganini qayd etdi. Biroq so‘nggi yillarda o‘zbek yoshlari Afg‘onistonda ham, chet ellarda ham o‘quv jarayonlarida faol qatnashmoqda. Ular gumanitar va aniq fanlarni, shu jumladan o‘zbek tili va adabiyotini mukammal o‘zlashtiryapti.

Shujouddin Shujo maʼruzasi yakunida  Balx universiteti o‘zbek tili kafedrasi vakillaridan Afg‘onistonda o‘zbek tilini rivojlantirishning yuqoridagi yo‘nalishlari bo‘yicha faol ishlashni so‘radi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston elchisi Portugaliyadagi «Vat...

O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Jahongir G‘aniyev Portugaliyadagi «Vatandosh» o‘zbek ...

Prezident koronavirus bilan bog‘liq vazi...

Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni mahalla va oila masalalariga bag‘ishlangan videoselektor y...

Pokiston Prezidentiga hamdardlik

Pokiston Prezidentiga hamdardlik

So`nggi yangiliklar