Uz / Ўз Ru En

Toshkent

24/Yanvar/2022   Ta'lim

24 yanvar - Xalqaro ta’lim kuni

TOSHKЕNT, 24-yanvar. /«Dunyo» AA/. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi ta’limning tinchlik va taraqqiyot yo‘lidagi ahamiyatini e’tirof etgan holda 2018 yil 3 dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan 24 yanvarni “Xalqaro ta’lim kuni” deb e’lon qilgan edi. Bu yil dunyo jamoatchiligi "Xalqaro ta’lim kuni"ni to‘rtinchi bor nishonlamoqda.


Mazkur sananing ahamiyati juda cheksiz. Uning nishonlanishi nafaqat insoniyatning ilm-ma’rifatga tashnaligini e’tirof etish, balki dunyo davlatlari, hukumatlari va jamiyatlari e’tiborini ta’lim sohasidagi mavjud muammolarga, shu jumladan, savodsizlikni bartaraf etish, turli mintaqalarda yaxlit ta’lim dasturlari ishlab chiqish va amalga oshirish kabi masalalarga qaratishni maqsad qilgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda butun dunyoda 258 million nafar bola va o‘smir hali ham maktabga borish yoki uni tamomlash imkoniga ega emas. 617 million bolalar esa o‘qish va matematikaning elementar ko‘nikmalaridan ham bexabar, to‘rt millionga yaqin qochqin bolalar va yoshlar maktabdan tashqarida. Ular qashshoqlik, diskriminatsiya, qurolli mojarolar, favqulodda holatlar va iqlim o‘zgarishi oqibatlari tufayli azob chekmoqda. 

Qayd etish joizki, butun dunyo bo‘ylab ana shunday murakkab muammoli vaziyatlar sodir bo‘layotgan bir davrda O‘zbekistonda yosh avlodning ta’lim-tarbiyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan, bolalar va yoshlarni ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari “Yangi O‘zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” g‘oyasi asosida tubdan takomillashmoqda. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak”.

Shu maqsadda mamlakatimizda kelgusi yillarda ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, yoshlarni ta’lim bilan qamrovini kengaytirish, ehtiyojmand oilalar farzandlariga imtiyozlar berish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Xususan, Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasida ham maktablarni rivojlantirish milliy dasturini joriy etish orqali xalq ta’limi tizimida qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish, darsliklarni yangilash uchun Davlat budjetidan 605 milliard so‘m ajratish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1-4-sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash tizimini joriy etish, maktab davrida o‘quvchilarning kamida bir kasbni egallashiga ko‘maklashish tizimini joriy etish kabi qator ishlar amalga oshirilishi belgilangan.

Risolat Madiyeva

Mavzuga oid

O‘zbekiston va AQShning yetakchi univers...

Mamlakatimiz elchisi Javlon Vahobov, AQSh elchisi Daniel' Rozenblyum, O‘zbekiston oliy ...

ITSV: Prezident maktablari samaradorligi...

O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Um...

Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillash...

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy tillarni o‘rganishni takomillasht...

So`nggi yangiliklar