27/Yanvar/2021 Siyosat
TOSHKENT, 27-yanvar. /“Dunyo” AA /. Ertaga Bishkekda Qirg‘izistonning saylangan Prezidenti Sadir Japarovning inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tadi, deb xabar berdi “Dunyo” AA muxbiri.
“Kabar” davlat agentligi Qirg‘iziston Prezidenti devoni rahbari Suyunbek Kasmambetovning so‘zlariga tayanib maʼlumot berishicha, inauguratsiya marosimiga jamoatchilik vakillari, olimlar, hukumat aʼzolari, Oliy sud, Konstitutsiyaviy palata, diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, siyosatchilar, xalq yozuvchilari, xalq artistlari, parlamentning sobiq spikerlari, sobiq bosh vazirlar, sobiq prezidentlar, muddatidan oldin o‘tkazilgan prezident saylovida o‘z nomzodini qo‘yganlar va Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tgan xalqaro tashkilotlar vakillari taklif etildi.
«Inauguratsiya marosimiga boshqa davlatlarning Prezidentlari taklif qilinmadi, chunki bu ichki voqea, bu, shuningdek, epidemiologik vaziyat bilan ham bog‘liq», dedi Prezident devoni rahbari.
11 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovni 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi hamda Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan chin dildan tabrikladi.