Uz / Ўз Ru En

Toshkent

25/Iyun/2022   Hamkorlik

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining bosh qarorgohida «Uzbekistan Lounge» madaniy zali ochildi

TOSHKENT, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi delegatsiya Rimga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.


Vazirlik maʼlumotiga ko‘ra, ikki kunlik tashrif davomida O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi ishtirokida xalqaro tashkilotlar, Italiya qishloq xo‘jaligi uyushmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va yirik kompaniyalar vakillari bilan bir nechta uchrashuvlar o‘tkazildi. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning bosh qarorgohida mazkur xalqaro tuzilma bosh direktori Suy Dunyuy ishtirokida «Uzbekistan Lounge»  madaniy zalining ochilish marosimi tashrif doirasidagi alohida eʼtiborga molik tadbirga aylandi.

Jamshid Xodjayevning BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Suy Dunyuy bilan muzokaralari chog‘ida FAOning texnik ko‘magi, qo‘shimcha moliyaviy mablag‘lar, xususan, Global ekologiya jamg‘armasi va Yashil iqlim jamg‘armasining grantini ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi. Shuningdek, FAO bilan qishloq xo‘jaligi yerlari, o‘rmon va yaylovlardan samarali foydalanishga qaratilgan 10 million dollarlik ikkita yangi grant loyihasi bo‘yicha shartnoma imzolandi.

 Uchrashuv doirasida FAO O‘zbekiston Prezidentining oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarini yuksak baholashi taʼkidlandi. Shuningdek, tashkilot bosh direktori so‘nggi ikki yil davomida O‘zbekiston FAOning Yevropa bo‘yicha 32-mintaqaviy konferensiyatsiga vazir boshchiligida muvaffaqiyatli raislik qilgani va bu davrda muhim tashabbuslar va hujjatlar ishlab chiqilishiga munosib hissa qo‘shganini taʼkidladi.

 Jamshid Xodjayev, shuningdek, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi  prezidenti Jilber Ungbo, jamg‘armaning mintaqaviy direktori Dina Saleh va mamlakat bo‘yicha direktor Fidi Rajonson bilan ham uchrashdi. Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi idorasini ochish masalalari muhokama qilindi.

 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan Yangi strategik imkoniyatlar dasturi doirasida O‘zbekiston va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi o‘rtasida kichik fermerlar, shuningdek, ayollar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari xususida firk almashildi.

 Qishloq xo‘jaligi uyushmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va yirik agrokompaniyalar bilan uchrashuvda vazir Jamshid Xodjayev va Italiya qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi prezidenti Janfranko Grechi O‘zbekistonda assotsiatsiya vakolatxonasini ochish va amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzoladilar.

 Italiya ko‘chatlari uyushmalari konsorsiumi prezidenti Gandominiko Konsalvo va Qishloq xo‘jaligi konfederatsiyasi bosh direktori Franchesko Porsini bilan muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda mevali daraxt ko‘chatlarini sertifikatlashtirish tizimini joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyiha tafsilotlari muhokama qilindi.

FAOning Rimdagi bosh qarorgohida «Uzbekistan Lounge»   madaniy zali ochilishi alohida eʼtiborga molik hodisaga aylandi. Ochilish marosimida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Suy Dunyuy va boshqa yuqori martabali  mehmonlar ishtirok etdi.

FAO xodimlari va mehmonlarini qabul qiladigan milliy madaniy zal loyihasi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligining bevosita tashabbusi va tashkiliy-ijodiy ishtirokida o‘zbek xalqining milliy o‘ziga xosliklarini xalqaro doiralarda keng targ‘ib etish maqsadida amalga oshirildi.

 Suy Dunyuy FAO binosida anʼanaviy, ammo zamonaviy o‘zbekcha madaniy zal yaratilganini yuqori baholab, unga BMT tizimidagi eng diqqatga sazovor joylardan biri, deya taʼrif berdi. Taʼkidlash joizki, Rimdagi bosh qarorgohda dunyoning yana bir qancha davlatlarining milliy tematik zonalari mavjud. Hozirda FAO bosh qarorgohida 100 dan ziyod davlatdan 2 ming 600 ga yaqin xodim ishlaydi.

 -O‘zbekiston hukumatiga ushbu madaniy maskanning taʼmirlash va loyihalashga qo‘shgan saxovatli hissasi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman,- dedi Suy Dunyuy ochilish marosimidagi nutqida.-  Bugun ko‘rganimizdek, bu joyni go‘zal sanʼat asari deyish mumkin. Endi bu yerda taomlardan bahramand bo‘lish bilan birga anʼanaviy va zamonaviy O‘zbekistonning urf-odatlari, o‘ziga xosliklari, kayfiyati bilan ham tanishish mumkin. Unda biz o‘zbek madaniyatining qadr-qimmatini va betakrorligini ko‘rib turibmiz.

FAO bosh qarorgohining 8-qavatida joylashgan «Uzbekistan Lounge»   madaniy zalida FAO xodimlari va tashkilot mehmonlarining biznes tushliklari, uchrashuvlari, norasmiy muzokaralari o‘tkaziladi.

 -Loyiha FAO Logistika xizmatlari bo‘limi va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimlaridan iborat bo‘lgan o‘zbek va italyan jamoalarini, shuningdek, Vlad Zamonov kabi jalb etilgan dizaynerlar, shuningdek, mamlakatimizning turli viloyatlaridan hunarmandlarni birlashtirdi, – dedi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev. – Bunday hamkorlik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq asosiy g‘oyani birgalikda yaratish va saqlab qolish, shu bilan birga, uni zamonaviy konseptual dizayn, eng muhimi, xalqimizning milliy anʼanalari, dunyoqarashi va mehmondo‘stlik madaniyati bilan uyg‘unlashtirish imkonini yaratdi. Ushbu o‘zbek madaniy zali FAO xodimlari va tashkilot mehmonlarini go‘zal yurtimiz va uning betakror madaniyati bilan yaqindan tanishtirishga hissa qo‘shishiga chin dildan umid qilaman. Bu yerga kirgan har bir kishi o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va eʼtiborini his qilishi biz uchun juda muhim.

 

Mavzuga oid

Xalqaro moliya korporatsiyasi O‘zbekisto...

Xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) bil...

Indoneziyadagi “Citilink” aviakompaniyas...

O‘zbekiston elchixonasi xodimlari Indoneziyaning “Citilink” aviakompaniyasining tijorat di...

Toshkentda O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston bizn...

Kecha Toshkentda O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

So`nggi yangiliklar