16/Yanvar/2022 Iqtisodiyot
TOSHKENT, 16 yanvar. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 15 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida 2022 yilda “mahallabay” yangi ish tizimiga muvofiq amaliy faoliyatni tashkil etish va aholi bandligini taʼminlashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmatidan maʼlum qilinishicha, mazkur yig‘ilishda investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosarlari, vazirlikning idoraviy mansub tashkilotlari hamda tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari, shuningdek, videokonferensiya orqali viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlarining investitsiyalar va tashqi savdoga masʼul rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan mahallalar kesimida tadbirkorlikni rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlarni takomillashtirish yuzasidan belgilangan vazifalar atroflicha muhokama etildi. Aholi bilan manzilli ishlash, odamlarni ishlab chiqarish va tadbirkorlikka jalb etish imkoniyatlarini yaratish va loyihalarni amalga oshirishda zarur yordam ko‘rsatish, o‘z biznesini boshlashi uchun yer uchastkalari va moliyaviy resurslar bilan taʼminlash orqali mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini tubdan oshirishni taʼminlash, shuningdek, maʼmuriy masalalarni hal qilish muhim ustuvor vazifa etib belgilandi.
Mahallalarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan tezkor chora-tadbirlar, shuningdek, mazkur jarayonning joylardagi amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi. Mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning bugungi holatini chuqur o‘rganish, infratuzilmani yaxshilash, ichimlik suvi tarmoqlari, bolalar bog‘chalari, maktablar, tibbiyot muassasalari, madaniyat markazlarini taʼmirlash va qurish zarur bo‘lgan holatlarni aniqlash muhimligiga alohida eʼtibor qaratildi.
Mahallalarning iqtisodiy salohiyatini o‘rganish, aholi va mahalliy tadbirkorlar bilan bevosita hamkorlik qilish, shuningdek, vazirlikning hududiy bo‘linmalari xodimlariga tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi bo‘yicha ishlarni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish maqsadida vazirlikning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlariga joylarga chiqqan holda amaliy ishlarni tashkil etish topshirildi.
Shuningdek, mutasaddi rahbarlarga vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi.