Uz / Ўз Ru En

Toshkent

19/Oktabr/2020   Iqtisodiyot

O‘zbekiston mahsulotlarini Xitoyga elektron savdo bozorlar orqali sotish imkoniyati muhokama qilindi


PEKIN, 19-oktabr. /«Dunyo AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan «Xitoyda elektron tijoratning rivojlanishi: o‘zbek mahsulotlari eksporti uchun yangi imkoniyatlar» mavzusiga bag‘ishlangan vebinar tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri Shuhrat Umirov.

Mavzu yuzasidan «Beijing Sinex» treyding kompaniyasi rahbari mamlakatimizning 200 nafardan ziyod eksportga mo‘ljallangan mahsulot ishlab chiqaruvchi tadbirkorlari hamda XXR bozoriga o‘z tovarlari hamda xizmatlarini ilgari surishga intilayotgan savdo va konsalting kompaniyalarining vakillari bilan o‘z fikr va mulohazalarini o‘rtoqlashdi.

Tadbir chog‘ida o‘zbek eksportchilari Xitoyda elektron tijorat rivojlanishining hozirgi davrdagi tamoyillari bilan tanishgani barobarida mamlakat tovarlar va xizmatlar bozoriga kirish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni ham oldi.

Vebinarda qayd etilganidek, global miqyosdagi savdo-sotiqning taraqqiyotida elektron tijorat yuqori o‘suvchan o‘rinni egallamoqda. Covid-19 pandemiyasidan so‘ng yuzaga kelgan vaziyat Xitoyda bu jabhaga yangicha turtki berdi. Ayni paytda XXR elektron tijorat bozori o‘z qamrovi bo‘yicha jahondagi yetakchi o‘rinni saqlab turibdi.

Xitoydagi elektron tijorat rivojlanishi mamlakatga foyda keltiribgina qolmasdan boshqa davlatlar uchun ham yangi imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Masalan, to‘lov va kurerlik xizmatlariga integratsiyalashgan platformalar yaratilmoqda, bu minbarlar vositasida mahsulot sotuvchilar jonli efir orqali kiyim-kechak, pardoz-andoz buyumlari, bakaleya va boshqa mahsulotlarni namoyish qilishmoqda va sotishmoqda.

Tadbirda Xitoy elektron tijorat bozorining ikki shakli hamda Xitoy onlayn-platformalari bilan ishlash qoidalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etildi. Birinchisi – mahsulotlar haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish va buyurtma qilish mumkin bo‘lgan internet do‘konlari bozoriga doir. Ikkinchisi esa ishlab chiqaruvchilarning turli mahsulotlari guruhlari bo‘yicha axborotlarni jamlash va tartibga solishni bajaradigan marketpleyslar, ya’ni savdo maydonchalariga oid. Mazkur savdo maydonchalari orqali mahsulot yetkazib beruvchilarning saytlariga murojaat qilmay turib, kerakli mahsulotni xarid qilish mumkin bo‘ladi.

Tadbir doirasida o‘zbek ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini distribyutorlar orqali Xitoyga eksport qilish, O‘zbekistondan turib elektron savdo maydonchalariga tovarlarni joylashtirish, XXR erkin iqtisodiy zonalaridagi ixtisoslashgan omborlar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
 

Mavzuga oid

Namangan viloyatini iqtisodiy rivojlanti...

Amalga oshirilgan ishlarni ikki asosiy yo‘nalishga ajratish mumkin. Ya’ni, o‘zaro hamkorli...

Yaponiyalik sheriklar ishtirokida invest...

O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi G‘ayrat Fozilov «Mitsubishi Heavy Industries Engineer...

O‘zbekiston tog‘-kon sanoatida eksport ...

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi murakkab pandemiya sharoitiga qaramasdan...

So`nggi yangiliklar