Uz / Ўз Ru En

Toshkent

05/Oktabr/2020   Jamiyat

O‘zbekiston Prezidenti farmoni bilan Qohira universiteti dekani Ahmad Rajabning “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanishi Misr matbuotida keng yoritildi


QOHIRA, 5 oktyabr. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimizning Misr Arab Respublikasidagi elchixonasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga muvofiq “Do‘stlik” ordenini bilan taqdirlangan Qohira universiteti arxeologiya fakulteti dekani Ahmad Rajab Muhammad Ali Rizqqa davlatimizning yuksak mukofotini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

E’tiborlisi, Qohira universiteti dekanining O‘zbekiston Prezidenti tomonidan «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlanishi Misr ommaviy axborot vositalarining diqqat e’tiborini o‘ziga qaratdi. Ushbu mavzudagi materiallar yetakchi teleradiokanallar, bosma va elektron nashrlarda keng yoritildi.

Xususan, Misrning rasmiy “MENA” axborot agentligi chop etgan maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi bilan har tomonlama sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga doir muhim dastur va loyihalarni ro‘yobga chiqarishdagi amaliy ko‘magi, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro bir-birini anglash va qo‘llab-quvvatlash tamoyillarini mustahkamlash, do‘stlik va madaniy hamkorlik aloqalarini kengaytirish ishlariga qo‘shgan munosib hissasi uchun tarix fanlari doktori, professor Ahmad Rajab «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangani qayd etilgan.

Yaqin Sharqdagi eng nufuzli nashrlardan biri bo‘lgan “Al-Youm as-Sabi’” gazetasi professor Ahmad Rajabning ikki jildlik “Buxorodagi obidalar va Islom sivilizatsiyasi” kitobining chop etilishi ikki mamlakat hamkorligini yanada mustahkamlaganini ta’kidlagan. Maqolada bu asar “Ipak yo‘li shaharlaridagi obidalar va Islom sivilizatsiyasi ensiklopediyasi" turkumidagi birinchi kitob bo‘lgani va Ahmad Rajab tomonidan Samarqand, Termiz, Toshkent, Farg‘ona, Urganch tarixi va diqqatga sazovor joylari haqida yana bir qancha kitoblar nashrga tayyorlangani to‘g‘risida xabar berilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi kabi ilm dargohlarining tashkil etilishi buyuk o‘zbek allomalari, islom madaniyati va tamadduniga bo‘lgan hurmat va e’tibor sifatida yuqori baholangan.

“Ro‘z al-Yusuf” gazetasi misrlik olimga berilgan mukofot haqidagi maqolada, shuningdek, XX asrning 70-80 yillarida 200 ga yaqin misrlik talaba va aspirant O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida texnik fanlar, tibbiyot, irrigatsiya va boshqa sohalarda ta’lim olgani, Misr badiiy filmlari Toshkent xalqaro kinofestivallarida namoyish etilganiga e’tibor qaratgan.

“Al-Ray” gazetasi qayd etishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar nafaqat o‘tmishda, balki hozirgi davrda ham jadal rivojlanmoqda. Siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlar kengayishiga Misr Prezidentining 2018 yil sentyabrda O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan samarali muzokaralari turtki bergan. O‘zbekiston rahbari boshchiligida iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekistonning Misr va boshqa arab davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmining bir necha barobarga oshishi kutilmoqda.

Mamlakatning yetakchi nashrlaridan yana biri “Bavvabat al-Ahram” gazetasining ma’lum qilishicha, doktor Ahmad Rajabning O‘zbekistonga qiziqishining asosiy sababi mintaqaning insoniyat sivilizatsiyasidagi o‘rni, uzoq tarixi va ushbu hududda ko‘plab manbaalar mavjudligidadir. Qohira universiteti Arxeologiya fakulteti dekani O‘zbekiston va Misrni azaldan o‘zaro aloqalar bog‘laganini, islom davrida esa yanada mustahkamlanganini qayd etgan. Maqolada ta’kidlanishicha, Xorazmshohlar davlati qo‘shinining 40 ming askari mo‘g‘ullar bilan jangdan so‘ng O‘zbekiston hududini tark etib, Misr podshohi Solih Najmuddin Ayyubning qo‘shiniga qo‘shilishi va ushbu zaminda qolishi ikki xalq aloqalari uzoq va mustahkam rishtalarga ega bo‘lganini ko‘rsatadi.

Doktor Ahmad Rajabga “Do‘stlik” ordenining topshirilishi munosabati bilan Qohira universitetida o‘tkazilgan uchrashuvga oid “Al-Iqtisadiy al-Arabiy” jurnali maqolasida oliy o‘quv yurti rektori Muhammad Usmon al-Xo‘sht islom tamaddunini yaratishda salmoqli hissa qo‘shgan Xorazmiy, Termiziy, Beruniy va Ibn Sino kabi allomalarning yurti bilan aloqalarni kengaytirishdan Misr tomoni manfaatdor ekanini ta’kidlagani qayd etilgan. Maqolada Muhammad Usmon al-Xo‘sht universitet xodimi O‘zbekistonning yuksak mukofoti bilan taqdirlangani uchun mamlakatimiz Prezidentiga samimiy minnatdorlik izhor etgani, Shavkat Mirziyoyevning ta’lim tizimi xodimlari va ushbu sohaga berayotgan katta e’tiborini yuqori baholagani ta’kidlangan. Qohira universiteti rektori O‘zbekistonning oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik izchil davom ettirilishiga ishonch bildirgan.
 

Mavzuga oid

Avstriyada Markaziy Osiyoning zamonaviy ...

Vena shahrida Avstriyaning yetakchi tahlil markazlari rahbarlari, diplomatik vakolatxonala...

Vatandoshlardan iborat yo‘lovchi poyezdi...

O‘zbekistonning Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasi bergan maʼlumotga ko‘ra, 10 avgust...

YEXHT Doimiy Kengashida O‘zbekistonning ...

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YEXHT) Doimiy Kengashi yig‘ilishida kech...

So`nggi yangiliklar