Uz / Ўз Ru En

Toshkent

25/Oktabr/2020   Siyosat

O‘zbekistonda ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha Prezident farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yildi


TOShKENT, 25 oktyabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

So‘nggi yillarda mamlakatda ta’lim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, bog‘cha tarbiyalanuvchilari, o‘quvchi va talaba yoshlarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ta’lim tizimlari hamda ilm-fan sohasi o‘rtasida yaqin hamkorlik va integratsiyani, ta’limning uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, milliy ta’lim-tarbiya tizimining amaldagi holati uni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, yoshlarni yuksak bilim-ma’rifat egalari, jismoniy va ma’naviy sog‘lom insonlar etib tarbiyalash, ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari nufuzini oshirish, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha izchil chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda hamda mamlakatimiz ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini takomillashtirish, jamiyatimizda o‘qituvchi va pedagog xodimlar, ilmiy va ijodkor ziyolilarga bo‘lgan hurmat-e’tiborni yanada oshirish, ta’lim oluvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, ta’lim tizimida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida ushbu farmon loyihasi ishlab chiqildi.

Farmonda Toshkent va Nukus shahri hamda viloyatlar markazlaridagi navbatlilik koeffitsiyenti past bo‘lgan maktablar tajriba-sinov tariqasida xususiy sektor vakillariga 5 yilga ishonchli boshqaruvga berish, o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblik (oltin, kumush, bronza medali)ni qo‘lga kiritgan pedagoglarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy malaka toifasi berish va umumta’lim muassasalari pedagoglariga 2020 yil 1 noyabrdan boshlab sinf (guruh) rahbarligi uchun to‘lovlar 1,5 baravarga oshirish vazifalari tutilmoqda.

Bundan tashqari , ushbu loyihada 2021 yil 1 apreldan boshlab hududiy xalq ta’limi bo‘linmalari metodistlarining ish haqi miqdori oliy toifali o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtirish va 2024/2025 o‘quv yiliga qadar faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgan pedagoglarning oylik maoshi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 15 baravarigacha bosqichma-bosqich oshirish belgilanmoqda.

Maktab bitiruvchilarining o‘qishga kirish hamda ishga joylashish ko‘rsatkichlari asosida maktabning rahbar xodimlarini turli miqdorlarda rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yiladi. Maktab, kollej, litsey bitiruvchilarining shahodatnomasi (diplom ilovasi)dagi majburiy 11 yillik ta’limning so‘nggi 6 yillik baholarining o‘rtacha ko‘rsatkichi kiritiladi va ushbu ko‘rsatkich OTMga kirish imtihonlarida inobatga olinadi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab maktab direktorlarini lavozimga tayinlash, ularga nisbatan intizomiy jazo qo‘llash hamda ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra lavozimidan ozod etish tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Farmon loyihasida shu va boshqa o‘zgarishlar bilan tanishib, o‘z taklif-mulohazalaringizni qoldirishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekistonda ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasini rivojlantirish masalasida qabul qilinishi kutilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasi yuzasidan mutasaddi vazirlik va idora rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston Fransiya parlamentlari do‘st...

O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston-Fransiya” hamkorlik guruhinin...

Оzarbayjon Tashqi ishlar vaziri bilan uc...

2020-yilning 6-favral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov...

O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston b...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Erga...

So`nggi yangiliklar