Uz / Ўз Ru En

Toshkent

22/Oktabr/2020   Dolzarb

Qozog‘istonda O‘zbek tili bayrami kuni nishonlandi

OLMAOTA, 22 oktyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Qozog‘istondagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan “O‘zbek tili bayrami” kuni munosabati bilan “Qozog‘istonda o‘zbek tilining o‘qitilishi” mavzusida onlayn videokonferensiya tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.



Unda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, mamlakatimizning diplomatik vakolatxonalari, Qozog‘iston o‘zbeklari “Do‘stlik” hamjamiyati, qo‘shni respublikada faoliyat yuritayotgan o‘zbek etno-madaniy birlashmalari, Janubiy Qozog‘iston davlat pedagogika universiteti vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekistonning ushbu mamlakatdagi elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev tabrik so‘zi bilan chiqish qildi. Yurtimizda ona tilimizning xalqimiz ijtimoiy hayotidagi va xalqaro miqyosdagi roli hamda obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, uning milliyligini saqlab qolish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

O‘z navbatida, bayram ishtirokchilari “O‘zbek tili bayrami” kunining nishonlanishi muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Qozog‘istonda istiqomat qiladigan etnik o‘zbeklarning o‘z madaniyati, azaliy qadriyatlari, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish borasida yaratilgan sharoit haqida fikr almashildi.

Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti va Janubiy Qozog‘iston davlat pedagogika universiteti vakillari so‘zga chiqib ikki oliygoh o‘rtasidagi istiqbolli hamkorlikning bugungi holati va istiqboli haqida so‘z yuritdi.

Janubiy Qozog‘iston davlat pedagogika universiteti o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi Shahlo Noraliyeva o‘zining “Qozog‘istonda o‘zbek tilining o‘qitilishi” mavzusidagi ma’ruzasida mamlakatda o‘zbek tili o‘qitiladigan umumta’lim maktablaridagi o‘qitish usuli, shuningdek, o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida malakali o‘qituvchilarni tayyorlash masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Sh.Noraliyeva Qozog‘istonda o‘zbek tilini yanada ommalashtirish borasida qator takliflarni ilgari surdi. O‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari malakasini oshirish kurslarini tashkil etish, umumta’lim maktablari o‘rtasida o‘tkaziladigan o‘zbek tili va adabiyoti fan olimpiadasiga qozog‘istonlik o‘quvchilar ishtirokini ta’minlash, kutubxonalar fondini o‘zbek badiiy va bolalar adabiyoti bilan ta’minlashda amaliy yordam ko‘rsatish, ikki davlat universitetlari o‘rtasida qo‘shdiplomli loyihani amalga oshirish zarurligini qayd etdi.
 

Mavzuga oid

MAGATE O‘zbekistonga qiymati 1 million y...

O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi Abat Fayzullayev Xalqaro atom energiyasi agentligi (M...

Budapeshtdagi uchrashuvlar chog‘ida O‘zb...

Elchi Abat Fayzullayev boshchiligidagi O‘zbekistonning Avstriyadagi elchixonasi delegatsiy...

So`nggi yangiliklar