Uz / Ўз Ru En

Toshkent

21/Oktabr/2020   Sirdaryo, biz sen bilan

Sirdaryodagi ulkan o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q

Bu haqiqat Sardoba suv omborida yuzaga kelgan toshqin oqibatida zarar ko‘rgan hududlarda amalga oshirilgan ishlarda namoyon bo‘lmoqda



TOShKENT-SIRDARYo-TOShKENT, 21 oktyabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Sirdaryo viloyati hokimligi hamkorligida senatorlar, keng jamotchilik vakillari hamda yetakchi ommaviy axborot vqositalari xodimlari uchun «Sardoba» suv omborida yuzaga kelgan toshqin oqibatida zarar ko‘rgan hududlarda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi, deb xabar bermoqda ««Dunyo»» AA muxbiri Jobir Xo‘jaqulov.

Joriy yil insoniyat uchun juda sinovli keldi. Jumladan, Covid-19 bilan bog‘liq kutilmaganda paydo bo‘lgan vaziyat butun olamni o‘z domiga tortdi. Afsuski, bu ofa O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmadi. Mart oyida boshlangan pandemiya hali ham davom etmoqda.

Qarangki, bu yil tabiat ham o‘z injiqliklarini ko‘rsatdi. Dastlab Buxoro viloyatida kuzatilgan kuchli shamol Olot va Qorako‘l tumanlari aholisi, uy-joy, qishloq xo‘jaligiga jiddiy zarar yetkazdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, 1 may tongi yana bir noxush xabar yurtimizda tarqaldi - «Sardoba» suv omborida texnogen holat kuzatildi. Buning oqibatida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlaridagi aholi yashash joylari suv ostida qoldi. Shuningdek, qo‘shni Qog‘og‘istonning chegaradosh hududlari ham zarar ko‘rdi.

— Sardoba tumanida joylashgan «Sardoba» suv ombori to‘g‘onining buzilishi natijasida yuzaga kelgan toshqin nafaqat sirdaryoliklarni, balki butun mamlakatimiz xalqi sabrini sinovdan o‘tkazdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi, - dedi viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Karimov. — Tabiiy ofat oqibatida Sardoba, Mirzaobod va Oqoltin tumanlarining 28 ta mahallasidan 89 ming 450 nafar aholi zudlik bilan boshqa hududlarga evakuatsiya qilindi. Talofatlarda 4 ming 710 ta xonadon, shundan 2 ming 211 tasi yaroqsiz, 2 ming 499 tasi ta’mirtalab holatga kelgani aniqlandi. Davlatimiz rahbarining viloyatga bir necha bora tashriflari davomida berilgan topshiriqlar natijasida toshqindan jabr ko‘rgan mahallalar o‘rniga butunlay yangi mavzelar barpo etildi.

Press-tur ishtirokchilarining ilk tashrif manzili Sirdaryo tumanidagi «Sirdaryo-mega-luks» qo‘shma korxonasi bo‘ldi. Korxonada yaratilgan imkoniyatlar va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini oshirish borobarida, aholi farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Shundan keyin Sardoba tumani «Do‘stlik» mahallasida amalga oshrilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishildi. Yangi massivda ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi bilan birga 1 ming 500 ish o‘rniga ega bo‘lgan «Sardoba Oqsaroy Tekstil» MChJ tikuv trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi barpo etilmoqda.

«Do‘stlik» mahallasida qurilishi yakuniga yetkazilayotgan ko‘p qavatli uylarda yaratilgan shart-sharoitlar ham aholiga manzur kelmoqda.

— Toshqindan keyin bu joylar bоtqoqqa aylanib qolgan edi. Faqat rezina etikda yurish mumkin edi, — deydi mehnat faxriysi Otabek Egamberdiyev. — Shunday joyda shahar barpo etiladi deganda shaxsan men ishonmagan edim. Qarangki, besh oyda ana shunday go‘zal uylar qurildi. Bu yerda gaz, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, markazlashgan kanalizatsiya kabi zamonaviy infratuzilmalarning barcha imkoniyatlari mavjud. Endi xalqimiz bu joylarda halol mehnat qilib, bu imkoniyatlarning qadriga yetib, asrab-avaylab yashashi kerak.

— Suv toshqini oqibatida uyimdan, mol-holimdan ayrilib qolgandim, — deydi shu mahallada yashovchi Gavhar Ungarova. — O‘sha kungi voqelarni eslasam butun tanam jimirlab ketadi. Davlatimizga, Prezidentimizga ming rahmat, bizlarga o‘z uyimizdan ham yaxshi, chiroyli, shaharnikidan qolishmaydigan uylarni qurib berdi. Men shu uylardan 3-xonaligini olayapman. Xonadonlarda yaratilgan sharoitlarga juda zo‘r. Nasib qilsa farzandlarim bilan bu uylarda to‘ylar qilamiz. Bundan tashqari Prezidentimiz tomonidan biz ayollarga zarur bo‘lgan 6 turdagi maishiy texnika uchun sertifikatlar berilgan edi. Bugun ular xonadonlarimizga bepul yetkazilmoqda.

“Sardoba” suv omborida yuz bergan texnogen hodisadan talofat ko‘rgan Mirzaobod tumanidagi «Navbahor» mahallasida qurilgan, 360 ta oilaga mo‘ljallangan 9 ta ko‘pqavatli uy yonida issiqxonalar ham barpo etildi. «Bekklaster» kompaniyasi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu «Ijtimoiy issiqxona» loyihasi tufayli 64 oilaning har biri 25 sotixlik issiqxona egasi bo‘ladi.

Jurnalist va blogerlar viloyatning Sirdaryo, Oqoltin, Mirzaobod va Sardoba tumanlaridagi ulkan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishish asnosida ana shu loyiha asosida ishga tushirilgan issiqxonalarda ham bo‘ldi.

— Mazkur loyihani «Kaliti bilan biznes» deb ham yuritamiz, — deydi loyiha mas’ullaridan biri Anvar Jumanov. — Ya’ni 64 ta oila ushbu loyiha doirasida tashkil etilgan ikkita mas’uliyati cheklangan jamiyatga ta’sischi-mulkdor sifatida kiradi. Olingan kreditlarga esa ayni jamiyatlar kafil sanaladi. Har bir oilaning 25 sotixlik issiqxonasida yetishtiriladigan mahsulotlarni «Bekklaster» sotib oladi va «O‘zbek» brendi ostida eksportga yo‘naltiradi. Kredit to‘lovlari to‘la qoplangach, uzog‘i bilan 2-3 yilda oila issiqxonaning to‘la huquqli egasiga, tadbirkorga aylanadi.

Yana bir jihat, loyiha doirasida shu yerning o‘zida issiqxona xo‘jaligini yuritishni o‘rgatishga mo‘ljallangan sitrus, subtropik va tropik o‘simliklar ilmiy-amaliy markazi ham tashkil etildi.

Navbatdagi manzilimiz «Yangi O‘zbekiston» mahallasi bo‘ldi. Bu yerdagi sobiq “Haqiqat” mahallasida 800 xonadondan iborat 40 ta 5 qavatli uy qurildi. Buning uchun mahalla hududidan qariyb 12 gektar yer maydoni ajratilib, ko‘p qavatli uylar “White city construction” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan qisqa fursatlarda barpo etildi. Bu yerda olib borilgan ulkan bunyodkorlik ishlari natijasida mahalla “Yangi O‘zbekiston” deb qayta nomlandi.

Uylarni qisqa vaqtda qurish uchun Turkiyaning “tunel qolip” uslubida ish olib borildi. Binolarning yerto‘lasida har bir oila uchun 15 kvadrat metrdan alohida xona tashkil etilgan bo‘lib, undan xonadon egalari omborxona sifatida foydalanishi mumkin. Hududda kuzatuv kameralari o‘rnatilgan.

Binolarda elektr energiya, tabiiy gaz, ichimlik va oqava suv ta’minoti mavjud. Hududda mahalla guzari, “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkiloti, 6 ta bolalar maydonchasi, yo‘l qoidasi o‘quv maydonchasi, nonvoyxona, sartaroshxona va kutubxona bor.

Oqoltin tumanidagi “Yangi Toshkent” mahallasi ham talofatdan keyin qurilgan mavzelardan biri. Bu yerda 130 ta beton-panelli uy-joyda ta’mirlash tiklash ishlari bajarilib, 200 dan ziyod oilaning yashash sharoiti yaxshilandi. Mahallaning har bir ko‘chasiga Toshkent shahrining tumanlari nomlari berildi.

Mahalla guzari, kutubxona, bolalar maydonchasi, sport kompleksi barpo etilgan. Ichki yo‘llar qurilib, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suv ta’minoti tiklangan.

“Yangi Toshkent” mahallasi 8 ta ko‘chali qilib qurildi. Mahallada 135 ta xonadon qayta qad rostladi. Hozir bu yerda 1 ming 200 dan ziyod aholi yashamoqda.

Shuningdek, hududdagi 130 o‘rinli 5-maktabgacha ta’lim muassasasi, 150 o‘rinli maktab binosi ham qayta ta’mirlandi.

“Dunyo” AA tomonidan mazkur press-tur natijalari bo‘yicha turkum materiallar tayyorlanmoqda. Veb-sahifamiz va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizni kuzatib boring.

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari...

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 may kuni Qozog‘iston Respublikasi...

Sirdaryoda suv toshqini – O‘zbekiston xa...

Yomg‘ir yog‘ib, kuchli shamol sababli 1-may kuni ertalab Sirdaryo viloyatida joylashgan Sa...

Davlatimiz rahbari mirzaobodliklar bilan...

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugunning o‘zida Mirzaobod tumanida bo‘lib, favqulodda holatd...

So`nggi yangiliklar