Uz / Ўз Ru En

Toshkent

04/Dekabr/2022   Jamiyat

Akademik Akmal Saidov: Har bir kishi va jamiyatning har bir a’zosi inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishga o‘z hissasini qo‘shishi kerak

TOSHKЕNT, 4-dekabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yil 5-6 dekabr kunlari Samarqandda inson huquqlari sohasida ta’lim bo‘yicha global forum o‘tkaziladi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

 
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnaliga ushbu nufuzli xalqaro tadbirning maqsadlari va vazifalari haqida so‘zlab berdi. 
 
– Akmal Xolmatovich, inson huquqlari sohasida ta’lim nimalarni ko‘zda tutadi? 
 
– Inson huquqlari sohasida ta’lim inson huquqlarini har tomonlama hurmat qilish va ularga rioya etishni rag‘batlantirish uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 26-moddasida, “Har bir inson ta’lim olish huquqiga ega. Ta’lim inson shaxsini to‘la barkamol qilishga va inson huquqlari hamda asosiy erkinliklariga nisbatan hurmatni kuchaytirishga qaratilmog‘i lozim. Ta’lim barcha xalqlar, irqiy va diniy guruhlar o‘rtasida bir-birini tushunish, xayrixohlik va do‘stlikka xizmat qilishi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni saqlash borasidagi faoliyatiga yordam berishi kerak”, deyiladi.
 
2011 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari sohasida ta’lim to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilingan. Deklaratsiyada har bir inson o‘zining barcha huquqlari va asosiy erkinliklari to‘g‘risida bilish, ularni so‘rash huquqiga hamda inson huquqlari sohasida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerakligi ko‘rsatilgan. Zero, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim inson huquqlarining umumiyligi, ajralmasligi va o‘zaro bog‘liqligi tamoyillariga muvofiq jamiyat tomonidan hurmat qilinishi va ularga rioya etilishini rag‘batlantirish uchun muhim ahamiyatga egadir.
 
Inson huquqlari sohasida ta’limga taalluqli qoidalar ko‘pgina xalqaro hujjatlarga, jumladan Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya, Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish to‘g‘risidagi konvensiya, Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga kiritilgan.
Inson huquqlari sohasidagi ta’lim quyidagi uch jihatni qamrab oladi:
 
birinchidan, inson huquqlari to‘g‘risidagi bilimlarni, ular nimadan iboratligi, qay tarzda kafolatlanishi yoki himoya qilinishiga doir bilimlarni olish;
 
ikkinchidan, inson huquqlari bo‘yicha ta’limning konteksti va usuli tashkillashtirilgan hamda inson huquqlari qadriyatlariga (masalan, fikr erkinligi va boshqalar) muvofiqlashtirilgan bo‘lishi kerakligini hamda inson huquqlari sohasidagi ta’limda o‘qitish jarayoni uning mazmuni kabi muhimligini tan olish;
 
uchinchidan, ta’lim oluvchilar mustaqil ravishda yoki boshqalar bilan birgalikda, inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan choralarni ko‘rgan holda, o‘z hayotlarida inson huquqlari qadriyatlarini qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lishlarini ta’minlash.
 
Inson huquqlari bo‘yicha BMT Oliy komissari Fol’ker Tyurk ta’kidlaganidek, “Inson huquqlari – bu insoniyatning umumiy tilidir. Biz uchun har bir ovozga hamohang bo‘ladigan inson huquqlari tizimi zarur. Inson huquqlariga taalluqli barcha masalalarda biz hammamiz yakdil bo‘lib ish ko‘rishimiz kerak”. 
 
– Inson huquqlari sohasida ta’lim qanday amalga oshirilmoqda? 
 
– 1993 yilda Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon konferensiyasida inson huquqlari sohasidagi ta’lim “mamlakatlar o‘rtasida barqaror uyg‘un munosabatlarni rivojlantirish va ularga erishish hamda o‘zaro anglashuv va tinchlik uchun juda muhimdir”, deya e’tirof etilgan. 1994 yilda BMT Bosh Assambleyasi 1995 – 2004 yillarni “Inson huquqlari sohasida ta’lim 10 yilligi”, deb e’lon qildi va BMTga a’zo barcha davlatlarni “inson huquqlarining umumiy madaniyatini yaratish maqsadida o‘qitish, tarqatish va xabardor qilish”ga yordam ko‘rsatishga da’vat etdi. 2004 yilda esa BMT Bosh Assambleyasi barcha sohalarda inson huquqlari sohasida ta’lim dasturlarini amalga oshirish uchun maxsus Inson huquqlari sohasida ta’lim umumjahon dasturini qabul qildi. Ushbu dasturda inson huquqlari sohasidagi ta’lim inson huquqlari umumiy madaniyatini yaratish uchun o‘qitish va xabardor qilish sifatida belgilangan. Inson huquqlari sohasida har taraflama ta’lim berish faqat inson huquqlari va ularni himoya qilish mexanizmlari to‘g‘risidagina emas, balki kundalik hayotda ham inson huquqlarini himoya qilish va qo‘llash uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantiradi. Inson huquqlari sohasidagi ta’lim jamiyatning barcha a’zolari tomonidan inson huquqlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan munosabatlarni shakllantirishga yordam beradi.
 
Umumjahon dasturining qabul qilinishi asosan davlat ta’lim dasturlari doirasida inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada rivojlantirishga xizmat qildi. Jahon hamjamiyati inson huquqlari sohasidagi ta’limni tinchlik, demokratiya va ijtimoiy taraqqiyotni mustahkamlash sifatida ko‘radi.
 
Umumjahon dasturi barcha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda biznes sohasida inson huquqlari bo‘yicha ta’lim dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashishga, inson huquqlari sohasidagi asosiy tamoyillarni va ma’rifiy faoliyat usullarini anglash, barcha darajalardagi xalqaro tashkilotlardan boshlab amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yish va sheriklik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan. Har bir kishi va jamiyatning har bir a’zosi ta’lim hamda kasbiy tayyorgarlik vositalari orqali inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishga o‘z hissasini qo‘shishi kerak. Inson huquqlari sohasida har taraflama ta’lim faqat inson huquqlari to‘g‘risidagi bilim va ularni himoya qilish vositalari manbai bo‘libgina qolmasdan, kundalik hayotda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatini ham beradi.
 
Umumjahon dasturining uch bosqichi amalga oshirildi. Ular umumiy o‘rta ta’lim va oliy ta’lim tizimidagi o‘quv jarayonlarini, shuningdek o‘qituvchilar, davlat xizmatchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini  ham qamrab oldi.
2020 – 2024 yillarda umumjahon dasturining to‘rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda, u huquqlar va imkoniyatlarni kengaytirishga yo‘naltirilgan. Ushbu dasturda yoshlar to‘rtinchi bosqichning maqsadli guruhi sifatida belgilangan. Mazkur bosqichda quyidagilar nazarda tutilmoqda:
 
• yoshlarni tenglik, inson huquqlarini hurmat qilish va kamsitmaslik bo‘yicha o‘qitish hamda tarbiyalash, bu tinchliksevar jamiyatni shakllantirishga xizmat qiladi;
 
• 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibi doirasida, “Hech kim yoddan chiqarilmaydi”, maqsadiga muvofiq ayollar va bolalarga alohida e’tibor qaratish, pedagog xodimlar bilan ishlaydigan o‘qituvchilar uchun inson huquqlari sohasida ta’limni tashkil etish;
 
• inson huquqlari sohasida ta’lim bo‘yicha tegishli tadqiqotlar, baholashlar, ilg‘or tajriba almashinuvlarini amalga oshirish. 
 
– Samarqandda Inson huquqlari sohasida ta’lim bo‘yicha global forumni o‘tkazish jahon hamjamiyati tomonidan mamlakatimizning umumjahon muammolarini hal etishga oid qarorlar qabul qilishning faol tashabbuskori sifatida tan olinishini anglatadimi? 
 
– Ha, haqiqatdan ham shunday. Samarqand inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy anjumanlarni o‘tkazishning o‘ziga xos markaziga aylanmoqda. 2018 yilda bu yerda Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi, 2020 yilda esa “Yoshlar
 
– 2022: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” nomli inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi bo‘lib o‘tdi.
 
Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida, shu jumladan ta’limni takomillashtirish bo‘yicha katta ishlar qilinmoqda. Inson huquqlari sohasida ta’lim O‘zbekistonda inson huquqlari ta’limini shakllantirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har taraflama ta’minlashga yo‘naltirilgan tashabbuslar ilgari surildi va bu izchil hayotga tatbiq etilmoqda. Ular asosida hozirning o‘zida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining beshta rezolyutsiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi milliy davlatchiligi tarixida birinchi marta mamlatimiz BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylandi. Bu jahon hamjamiyati tomonidan bildirilgan yuksak e’tirof ifodasi, mamlakatimiz yangi tashqi siyosatining, shu jumladan xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning qo‘llab-quvvatlanishidir. 
 
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek: “Inson huquqlarini himoya qilish uzluksiz davom etadigan jarayon ekanini barchamiz chuqur anglaymiz. Jahon tarixi va demokratik davlatlar tajribasi ham shundan dalolat beradi”.
 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan Inson huquqlari sohasida ta’lim umumjahon dasturi to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha milliy komissiya tashkil etildi, u Oliy Majlis Senati, Tashqi ishlar, Adliya, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklari, Yoshlar ishlari bo‘yicha agentlik, Ombudsman, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek mintaqalar rahbarlaridan iborat. Milliy komissiyaning asosiy maqsadi inson huquqlarini himoya qilishning normalari va tamoyillari, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishning xalqaro kafolatlari to‘g‘risida xabardorlikni oshirish, shuningdek ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada kuchaytirishga qaratilgan.
 
Konstitutsiyamizda xalqaro huquq ustuvorligi tamoyili mustahkamlangan. O‘zbekiston inson huquqlari va erkinliklarini, shuningdek, aholining turli toifalari – ayollar, bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda himoya qilishga yo‘naltirilgan ko‘plab xalqaro konvensiyalarga a’zo bo‘lgan. Bu orqali mamlakatimiz o‘z hududida inson huquqlari va erkinliklarini rag‘batlantirish hamda himoya qilish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha muayyan majburiyatlarni qabul qilgan.
 
Mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi davlat siyosati quyidagi tamoyillarga asoslangan holda amalga oshirilmoqda:
 
• umume’tirof etilgan inson huquqlari g‘oyalari va qadriyatlariga, shuningdek, o‘z xalqaro majburiyatlariga sodiqlik;
 
• davlatning inson huquqlari sohasidagi siyosati huquqiy davlatchilik va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishda asosiy milliy manfaatlardan kelib chiqishi;
 
• O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida qayd etilgan shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari mutanosibligi tamoyili;
 
• amalga oshirilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning tadrijiylik xususiyati;
 
• ochiqlik va bag‘rikenglik: O‘zbekiston ushbu sohadagi barcha muammolarni fuqarolik jamiyatining barcha tuzilmalari, shuningdek xalqaro hamkorlar bilan muloqotda muhokama qilishga va hal etishga tayyor.
 
Shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar rolini oshirish maqsadida hukumat tomonidan bu sohani qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirishga qaratilgan ikkita qaror qabul qilingan.
 
O‘zbekiston tarixida 2020 yilda birinchi marta Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi va uning “yo‘l xaritasi” qabul qilindi. Unda aniq ifodalangan 78 ta vazifani amalga oshirish belgilangan. Shuningdek, quyidagi ustuvor yo‘nalishlar ko‘zda tutilgan:
 
• shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilish;
 
• inson huquqlari va erkinliklari sohasida qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga xalqaro standartlarni joriy qilish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, ular monitoringini amalga oshirish;
 
• inson huquqlari sohasida huquqiy savodxonlikni oshirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar: sohaga doir xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, chet el davlatlarining huquqni himoya qilish milliy muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish.
 
O‘zbekiston Inson huquqlari sohasida ta’lim bo‘yicha umumjahon dasturini, BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tayyorlash deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda. Xalqaro sheriklar bilan qalin hamkorlikda inson huquqlari bo‘yicha 120 dan ortiq asosiy xalqaro-huquqiy hujjatlar davlat tiliga tarjima qilindi va ko‘p nusxada nashr etildi.
 
Fuqarolik va siyosiy huquqlarga, xalqaro hujjatlar hamda milliy qonunchilikka rioya etish masalalari umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarining, shuningdek, pedagoglar, tibbiyot va ijtimoiy soha xodimlari, jurnalistlar, sudyalar, huquqni himoya qilish tizimi xodimlari va advokatlarning malaka oshirish ta’limi bo‘yicha o‘quv dasturlariga kiritilgan. 
 
Inson huquqlari bo‘yicha magistrlik dasturini amalga oshirish maqsadida mamlakatdagi huquqshunoslik maktablari konsorsiumining tashkil etilishi ham muhim voqea bo‘ldi. Ushbu konsorsium tarkibiga mamlakat Bosh prokuraturasi akademiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti kirdi.
 
Fuqarolik jamiyati institutlari, davlat organlari va tashkilotlari faol vakillarini rag‘batlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni ta’sis etildi, u har yili Inson huquqlari xalqaro kuni – 10 dekabrda faollarga inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xizmatlari uchun beriladi.
 
Inson huquqlari sohasida ta’limni amalga oshirish natijalari fuqarolarning ushbu sohada xabardorligini oshirishga xizmat qiladi. Odamlar o‘z huquqlarini bilishlari va himoya qilishlari, ularning huquqlari davlat tomonidan himoyalanishiga ishonch hosil qilishlari kerak. Bu borada qaysi organlar mas’ul ekani, qanday xalqaro shartnomalar amal qilishi va qo‘llanilishi, qanday huquqlarni amalga oshirishni talab qilishga haqli ekanlarini tushunishlari zarur. Inson huquqlari sohasidagi ta’lim odamlarda o‘z huquqlarini himoya qilish ko‘nikmalarini shakllantiradi, shuningdek, kishilar inson, uning huquq va erkinliklari insoniyatning oliy qadriyati ekanini anglashlariga yordam beradi.

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Germaniya oliy o‘quv yurt...

Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini me...

Toshkentda «Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, me...

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Toshkent shahridagi «Xalqlar do‘stligi» sanʼat s...

Buxoroda mehnat munosabatlari sohasiga o...

Kecha Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida joriy yil 28 oktyabr kuni tasdiqlan...

So`nggi yangiliklar